Toshkentda yirik texnologik haftalik — "ICTWEEK Uzbekistan – 2026" boshlandi
Bugun, 22-sentabr kuni, "Central Asian Expo Uzbekistan" majmuasida haftalikning birinchi kungi tadbirlari start oldi.
Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yurtimizda so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangi imkoniyatlar va texnologik taraqqiyotning ahamiyati haqida gapirdi.
Rasmiy ochilish marosimi bilan boshlangan tadbir doirasida “ICT Expo 2026” ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Unda mahalliy va xalqaro kompaniyalar o‘z texnologik yechimlari va yangi ishlanmalarini taqdim etmoqda.

Shuningdek, birinchi kun dasturidan “Startup & Venture Summit” hamda “Uzbek–Japan Digital Community Forum” o‘rin oldi.
Ularda startaplarni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish, raqamli hamkorlik va texnologik kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Bu yilgi “ICTWEEK” 25-sentabrga qadar davom etadi. Haftalik doirasida hali ko‘plab yirik tadbirlar, sammitlar va texnologik musobaqalar o‘tkaziladi.
Jumladan, “Startup World Cup Uzbekistan–Middle East Tech Summit” va “AWS Community Day Uzbekistan” kabi tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Ularning eng muhim va qiziqarli jihatlari haqida sizlarni xabardor qilib boramiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA