Toshkentda Yaponiyaning IT maktablari ochiladi
Bugun Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yaponiyalik bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Hokim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. O‘zaro aloqalarni taraqqiy ettirishda ishga solinmagan keng imkoniyat mavjudligini, xususan, iqtisodiyot, sanoat, ta’lim, madaniyat, turizm va sport sohasida birgalikda ko‘plab loyihalar amalga oshirish mumkinligini qayd etdi.

Yaponiyaning “D’S Grace FE LLC” kompaniyasi direktori Daysuke Nakamura Toshkentda kunchiqar mamlakat IT akademiyasi ish boshlaganini, muassasada ehtiyojmand oilalar farzandlari bepul ta’lim olishlari mumkinligini bildirdi. Shuningdek, yana bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Yaponiyaning “Beeanz” korporatsiyasi ham huddi shu yo‘nalishda faoliyat olib boradi. Hozirgacha mazkur tuzilma tomonidan Navoiy viloyati Zarafshon shahri va Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida IT maktab ishga tushirildi. Korporatsiyaning galdagi rejasi poytaxtda ham shunday maktablar ochish. Toshkent shahri hokimi bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, yosh avlod zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim olishi uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha sheriklikka tayyorligini aytdi.

“Noritsuisu” kompaniyasi mutasaddilari esa tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, Yaponiya Yosh tadbirkorlar palatasi bilan hamkorlikda forum tashkil qilish muhimligini ta’kidladi. Ofis stullari ishlab chiqarish faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ushbu kompaniya Toshkentda ayni yo‘nalishda qo‘shma korxona ochish, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi ID kartalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Uchrashuvda kosmetika va media yo‘nalishlariga ixtisoslashgan tadbirkorlar ham ishtirok etib, birga ishlash xohishini bildirdilar.
J.Ortiqxo‘jayev yaponiyalik tadbirkorlarning barcha takliflari atroflicha o‘rganilishi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ish olib borilishini ma’lum qildi.
Toshkent shahri hokimligi
matbuot xizmati