O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida yana bir muhim loyiha amalga oshirilmoqda: Toshkent davlat texnika universiteti negizida yangi “Tashkent Tech” universiteti tashkil etiladi. Bu haqda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida ma’lum qildi. Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi texnik ta’lim nufuzini oshirish, shuningdek zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlashga qaratilgan.
– Yuksak xalqaro standartga javob beradigan yangi avlod universitetini yaratish – strategik vazifamiz, – dedi S.Mirziyoyeva. – Biz kelajak muhandislari tayyorlanadigan ekotizimni shakllantiramiz. “Tashkent Tech” loyihasi “Boston Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi ko‘magida bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Bu bizga, mamlakatning industrial va innovatsion rivojlanish istiqbolini hisobga olgan holda, jahonning ilg‘or ta’lim amaliyotiga integratsiyalashish imkonini beradi.
Yangi oliy ta’lim muassasasi malakali texnik mutaxassislar tayyorlash markazi sifatida O‘zbekistonning texnologik suverenitetga erishishi, barqaror iqtisodiy o‘sishida muhim vositiaga aylanishi kutilyapti.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA