Poytaxtimizda “BMTning sil kasalligi bo‘yicha Oliy darajadagi uchrashuvi bo‘yicha majburiyatlarni bajarish: Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirokida mintaqaviy muloqot” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge, mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Ashina Xalakdina, 15 ga yaqin davlatdan soha mas’ullari, shuningdek Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan “STOP TB Hamkorlik tashkiloti”, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish bo‘yicha global jamg‘arma, Jahon banki hamda Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.
Sil kasalligini tugatish BMTning global maqsadlaridan biri bo‘lib, hukumatlar, xalqaro donorlar, fuqarolik jamiyati va xususiy tashkilotlarning birgalikdagi barqaror harakatini talab qiladi.

Anjumanda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov қайд etganidek, O‘zbekiston silga qarshi kurashda kasallikning oldini olish, erta aniqlash va davolash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishdi. Xususan, yondosh tibbiyot muassasalari infeksion nazorat qoidasga binoan to‘liq rekonstruksiya qilinib, ilg‘or tibbiy asbob-uskuna bilan jihozlandi. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida “Astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi maktablari” tashkil etilib, bemorlarga hayot sifatini yaxshilash, kasallik zo‘rayishining oldini olish choralari haqida muntazam tushuntirish berilmoqda. Chaqaloqlarni kasallikka qarshi emlash 99,8 foizga yetkazildi. Ilk bor tuman, shahar, hududlararo, viloyat va markaziy laboratoriyalardan iborat 5 darajali tizim doirasida kasallikka 2 soatda tashxis qo‘yish imkonini beruvchi 136 ta PSR (G-Xpert)-tashhis jihozlari o‘rnatildi. Shundan 40 tasi birlamchi davolash muassasalariga tatbiq qilindi.
Mahalliy texnik resurslar va mavjud uskunalardan foydalangan holda, “O‘pka salomatligi” mobil brigadalari tashkil etilib, hozirgacha 7 viloyatda aholini skriningdan o‘tkazish boshlab yuborilgan. So‘nggi ikki yilda ftiziatriya yo‘nalishiga oid barcha klinik qo‘llanmalar JSST so‘nggi tavsiyalariga asosan yangilanib, 1 530 nafar mutaxassis shu yo‘nalishda qayta o‘qitildi. Ftiziatriya sohasiga qayta tayyorlash kurslari davlat byudjeti tomonidan qoplanishi natijasida boshqa ixtisosliklarning 300 dan ziyod mutaxassisi ushbu xizmatga jalb etildi.

Ushbu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, 2023 yilga kelib, 2010 yilga nisbatan tuberkulyoz bilan kasallanish ko‘rsatkichini 45, o‘lim ko‘rsatkichini esa 87 foiz kamaytirishiga erishildi. 2023 yil AQSHda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining tuberkulyoz kasalligi bo‘yicha Oliy darajadagi majlisiga Polsha bilan birga O‘zbekiston raislik qilgani ham tarixiy voqeadir.
So‘zga chiqqanlar ushbu yo‘nalishda turli dasturlar amalga oshirilayotgani, sil kasalligining oldini olish va xastalikni davolash bo‘yicha eng ilg‘or xalqaro tavsiyalarga e’tibor qaratdi, dori-darmonga chidamli bemorlarga yordam beradigan yangi dorilar, tashhis texnologiyalaridan foydalanilayotganiga to‘xtaldi.

Tadbir doirasida JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge, “STOP TB Hamkorlik” ijrochi direktori Luchika Ditsiu, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva va boshqa mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
– Avvallari tuberklyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilgan, hozir esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yo‘g‘i 70 daqiqada aniq tashhis qo‘yilyapti, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva, – Ilg‘or operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmon qo‘llanishi natijasida bemorlarning kassallikdan sog‘ayish muddati 2 yildan 9 oyga qisqardi. Olimlar xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda davolanish kursini 6 oygacha qisqartirish, yanada samarali muolaja usullarini topish ustida ilmiy izlanish olib boryapti.
Anjumanda hukumatimiz va doimiy hamkor tashkilotlar birgalikda mutaxassislar tayyorgarligini oshirish, dori vositalari, tibbiy va laboratoriya uskunalari ta’minotini yaxshilash, sil bilan bog‘liq oldini olish, aniqlash va davolash jarayonini tezlashtirish maqsadida vazirlikning ushbu kasallikka qarshi kurash bo‘yicha milliy dasturi asosida samarali natijalarga erishayotgani ta’kidlandi.
Muharrama Pirmatova, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA