Toshkent shahridagi “Markaziy bog‘”da mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida “XXI Madaniy an’analar va milliy taomlar festivali” tashkil qilindi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjuman yurtimiz madaniy hayotini yana bir o‘ziga xos mazmun bilan boyitish barobarida poytaxt aholisi va xorijlik mehmonlarga turli mamlakatlar madaniyatini keng tanishtirish imkonini beradi.
Madaniyat va turizmni rivojlantirishga qaratilgan bu galgi tadbirda yigirmadan ziyod elchixona, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Jahon banki kabi yirik tuzilmalar vakillari o‘z mahoratini namoyish etdi. Anjuman yurtimizning turli xalqlar urf-odatiga xos va madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan o‘ziga xos yorqin voqeadir.
[gallery-25515]
Qayd etish joiz, festival 2000 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tomonidan keng miqyosda uyushtirib kelinmoqda. Elchixona xodimlari oshpazlik iste’dodini namoyish etgan holda, qatnashchilarga o‘z mamlakati taomi, jumladan milliy oshxonasiga mansub ajabtovur lazzat taqdim qilishdi.
Bundan tashqari tadbir dunyoning turli burchaklaridan an’anaviy milliy raqslar, musiqa va liboslar namoyishi asnosida unutilmas bayramga aylandi.
Taomlar xarididan tushgan mablag‘ respublikamizdagi mehribonlik uylariga xayriya sifatida o‘tkaziladi. Demak, ushbu yig‘in nafaqat mamlakat madaniy hayotini aks ettiradi, balki bolalar hayoti yanada yorqinroq tus olishiga ham xizmat qiladi.
TIV byurosi xabar berishicha, “Madaniy an’analar va milliy taomlar festivali” dunyoning turli xalqlari madaniyati, urf-odati bilan tanishish uchun noyob imkoniyatdir. Anjuman yildan yilga ommalashib boryapti. Bu holat tadbirning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalar orasidagi muvaffaqiyati va ahamiyatini tasdiqlaydi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA