Toshkentda Xalqaro gimnastika federatsiyasi 80-kongressi boshlandi
Bugungi kunda Xalqaro gimnastika federatsiyasiga 140 dan ziyod milliy federatsiya a’zo. Kongressda saksondan ortiq mamlakatdan 240 ga yaqin delegat qatnashmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli mamlakatimiz yoshlari ongu-shuurida ona-Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat tuyg‘ulari shakllanib, ularning xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nomini ulug‘lashga bo‘lgan ishtiyoq hamda intilishlari tobora yuksalib bormoqda. Turli xalqaro musobaqalar, jahon va qit’a chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida vakillarimizning zafar quchib, mustaqil yurtimiz shuhratini dunyoga yoyishga hissa qo‘shayotgani buning yorqin dalilidir.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan yuksak baholanmoqda. Xalqaro gimnastika federatsiyasi saksoninchi kongressi O‘zbekistonda o‘tkazilayotganida ham katta ma’no bor. Bu mamlakatimizda sport, xususan, gimnastikani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yana bir e’tirofidir.
Bugungi kunda Xalqaro gimnastika federatsiyasiga 140 dan ziyod milliy federatsiya a’zo. Kongressda saksondan ortiq mamlakatdan 240 ga yaqin delegat qatnashmoqda.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti L.Karimova-Tillayeva, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, professor B.Grandi va boshqalar O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Bugun nafaqat shaharlarda, balki olis va chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualariga ko‘zingiz tushadi. O‘zbekistonda bolalar va yoshlarni sportga jalb qilish bo‘yicha uch bosqichli tizim shakllantirildi. «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari nafaqat yetuk sportchilarni tayyorlash va tarbiyalash maktabiga, ayni vaqtda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning muhim omiliga aylandi.
Gimnastikaning barcha turlari ushbu vazifani bajarishda muhim rol o‘ynaydi. Negaki, ushbu sport turi bilan shug‘ullanish nafaqat insonning jismoniy go‘zalligini shakllantiradi, balki uning fe’l-atvori, eng yaxshi fazilatlarini rivojlantiradi, irodasini chiniqtiradi, oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishga intilishini kuchaytiradi.
Xalqaro gimnastika federatsiyasi bosh kotibi Andre Gyuysbyuler O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi ushbu sport turining barcha asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shayotganini va bugungi anjuman yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi mamlakatimizda ushbu sportning barcha asosiy turlari – erkaklar va ayollar sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatikani ommalashtirishga doir izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Davlatimizning har tomonlama ko‘magida bu boradagi faoliyat umummilliy miqyos kasb etdi. Iqtidorli sportchilarni aniqlashga yordam berayotgan mintaqaviy va respublika musobaqalari muntazam o‘tkazilayotir. Mamlakatimizning barcha viloyatlarida gimnastika bilan shug‘ullanish uchun xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan markazlar tashkil etildi, ularda har kuni minglab o‘g‘il-qizlar ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning eng istiqbolli va iqtidorlilari gimnastika bo‘yicha o‘smirlar va milliy terma jamoalar safiga qo‘shilmoqda. Nafaqat sport komplekslari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari, balki umumta’lim maktablarining sport zallarini zamonaviy gimnastika inventarlari bilan jihozlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.
2007-yilda gimnastika bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi va 2011-yilda badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtrilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabi tashkil qilindi. 2009-yildan buyon gimnastikaning barcha turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari sportchilari olimpiadaga tayyorlash markazi hisoblangan gimnastika saroyida shug‘ullanish hamda yirik musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jahon tajribasi hisobga olingan holda, murabbiylar malakasini oshirishga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada istiqbolli ilmiy va tibbiy yangiliklarni o‘rganish, sportchilarni tayyorlash, sport uskunalarini ishlab chiqarishga joriy etish – bularning barchasi sportni yanada ommalashtirish, salomatlik omiliga aylantirishga xizmat qilayotir. O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi shu maqsadda Xalqaro gimnastika federatsiyasi va Osiyo gimnastika ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro forumlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ilg‘or tajribani ommalashtirish uchun poytaxtimiz va viloyatlarda xalqaro hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida murabbiylar va hakamlar uchun seminarlar muntazam tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston vakillarining gimnastika bo‘yicha qo‘lga kiritayotgan yutuqlari salmog‘i oshib bormoqda. Yaqinda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida badiiy gimnastika bo‘yicha qizlarimiz jamoaviy bahslarda qit’amizning yetakchi sportchilarini ortda qoldirib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sport gimnastikasi bo‘yicha bahslarda Anton Fokin brusda murakkab mashqlarni muvaffaqiyatli bajarib, 15.475 ball to‘pladi. Bu musobaqaning eng yaxshi natijalaridan bo‘lib, O‘zbekiston sportchisiga shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarilish imkonini berdi. Oksana Chusovitina yuksak mahoratini namoyish etib, tayanib sakrash mashqlari bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Abdulla Azimov esa alohida predmetlarda mashq bajarishda yuqori natija ko‘rsatib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
Kongressda Xalqaro gimnastika federatsiyasining yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlanadi.
Dunyoda gimnastikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish, Xalqaro gimnastika federatsiyasiga yangi a’zolarni qabul qilish va boshqa qator masalalar muhokama qilinadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash, sportchilarni tayyorlash darajasini oshirish va shu maqsadda eng ilg‘or sport, ilmiy hamda tibbiyot texnologiyalaridan foydalanish uchun milliy gimnastika federatsiyalarining keng hamkorligini ta’minlash hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.