Toshkentda xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti tomonidan V Toshkent biznes va iqtisodiyot konferensiyasi o‘tkazildi.
“Ipak yo‘lini qayta talqin qilish: mintaqaviy aloqalar va savdo integratsiyasi” mavzusidagi anjumanda Markaziy Osiyoning xalqaro savdodagi o‘rni, transport va logistika tarmoqlarini rivojlantirish hamda iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda 200 nafar ishtirokchi, jumladan, 40 ga yaqin davlatdan 70 dan ortiq xorijiy vakil qatnashdi. Mahalliy va xorijiy kompaniyalar hamda brendlar vakillari o‘z korxonalari faoliyati, tajribasi va biznesni rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, universitet talabalarini mahalliy va xorijiy korxonalarda amaliyot o‘tashga jalb qilish, o‘zini ko‘rsatgan yoshlarni keyinchalik ishga qabul qilish imkoniyati ham muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida “Nobarqarorlik sharoitida barqaror mehmondo‘stlik va logistika” mavzusida biznes-forum ham o‘tkazildi. Unda iqtisodiy beqarorlik sharoitida biznes barqarorligini ta’minlash va sohani rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Dilshod HAKIMOV,
Oybek DAVRONOV (video),
O‘zA