Toshkentda Turk dunyosi madaniyati, kino va media sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
11-Turk dunyosi hujjatli filmlar festivali va Turk dunyosi jurnalistlar federatsiyasi rahbari Menderes Demir boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Toshkent shahrida qator muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida Turk dunyosi davlatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlash, kino, ommaviy axborot vositalari va ijodiy sohalardagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur nufuzli xalqaro loyihalarning tashkiliy jarayoni, kelgusidagi rejalar hamda qo‘shma tashabbuslar amalga oshirish imkoniyati yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning madaniyat va kino sohasidagi yetakchi namoyandalari, jumladan, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev, Kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov bilan muloqot qilindi. Suhbat davomida milliy kino san’atini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yish va Turk dunyosi xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosini ekran asarlari orqali keng targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Turk dunyosi jurnalistlar federatsiyasi vakillari fikricha, bunday uchrashuvlar nafaqat madaniy hamkorlikni mustahkamlash, balki mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaqinlikni kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Mehmonlar an’anaviy mehmondo‘stlik va qo‘llab-quvvatlov uchun samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Federatsiya tashabbusi bilan ilgari surilgan mazkur tashabbuslar Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi Kino bosh boshqarmasi, TÜRKSOY, TİKA, YTB kabi qator nufuzli tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyihalar universitet va ijodiy uyushmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, media sohasidagi yetakchi tashkilotlar bilan birga hayotga tatbiq etilmoqda.
Bugungi kunda Turkiya, O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya, Shimoliy Makedoniya, Bosniya va Gersegovina hamda Shimoliy Kipr ishtirok etayotgan ushbu platforma yirik madaniy va intellektual muloqot maydoniga aylanmoqda.
Ushbu tashabbuslar orqali xalqlarimizning umumiy tarixi, tili, qadriyati va ma’naviy merosini asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish, zamonaviy media va kino vositalari orqali birlikni mustahkamlash maqsad qilingan.
Ta’kidlanganidek, madaniyat, san’at, kino va jurnalistika sohalaridagi sheriklik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtasini yanada mustahkamlab, umumiy kelajakni birga barpo etishga ko‘maklashadi. Bu esa Turk dunyosi xalqlarining ma’naviy yaqinligi va o‘zaro hamjihatligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nodira Kayimova, O‘zA