Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi joriy yil 23-27 noyabr kunlari O‘zbekistonda Shveysariya kunlari o‘tkazilishini mamnuniyat bilan e’lon qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek madaniyat, san’at va ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar Toshkentda uchinchi bor, Yevropaning ushbu mamlakatidan 30 ga yaqin kompaniya ishtirokida o‘tadi.
Anjuman “Tashkent City Mall” majmuasida rassom Annabel Shnayderning “Men bilan nafas ol” immersiv badiiy instalyatsiyasi bilan ochiladi. Ilgari Nyu-York va Barselonadagi dizayn haftaliklarida taqdim etilgan, 23-26 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu namoyish barqaror hayot tarziga nisbatan o‘ziga xos badiiy qarashni ifodalab, ongli va barqaror rivojlanishni anglatadi.
“Men bilan nafas ol” musiqachi Lyuk Oje yaratgan ovozli landshaft bilan boyitilgan.
Shnayder ishida havo sifati va Orol dengizi qurishi oqibati kabi muhim ekologik muammolar ko‘tarilgani O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Bunda qadimiy madaniy an’analar zamonaviy dizayn bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirilgan, “Chopon uyi” (La Maison Du Tchapan) ustaxonasi tomonidan yaratilgan o‘zbek ikati an’anaviy naqshi tushirilgan o‘rindiqlar ham tomoshabin e’tiborini tortadi.

– Ushbu installyatsiya, ayniqsa, ekologiya muammosi mavjud hududlarda osoyishta onlarga nisbatan ommabop ehtiyojni qondiradi, – deydi mutaxassis Inessa Boltyanskaya. – Muxlislar inklyuzivlik, barqarorlik, erkinlik tamoyilini mujassam etgan, doimiy o‘zgaruvchan makonning bir qismiga aylanishlari mumkin. Ushbu “jonli” muhit san’atning zamonaviy chaqiriqlarga javob beruvchi kuchini eslatib turadi. Besh kun davomida barcha xohlovchilarni ovoz terapiyasi seansi, meditativ amaliyot, ong va ichki birlikka hissa qo‘shadigan immersiv tajriba kutmoqda.
“Shveysariya: Sifat, innovatsiya, ishonch” ko‘rgazmasi 26 noyabr kuni ishbilarmon doiralar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan seminar va biznes sessiyalari bilan davom etadi. Bu yilgi dasturdan suv resurslari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari, shuningdek shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha mavzular o‘rin olgan. Yevropa davlati xususiy sektori – 20 ga yaqin kompaniya vakillari, o‘z sohalari bo‘yicha jahon yetakchilari respublikamiz yanada rivojlanishini qo‘llab-quvvatlay oladigan qimmatli tajriba va yechimlar bilan bo‘lishadi.

“Hyatt Regency” mehmonxonasida ochiladigan “Oqimga qarshi” ko‘rgazmasida Shveysariyaning suv resurslarini barqaror boshqarishga qo‘shgan hissasi namoyish etiladi, O‘zbekistonning qishloq va suv xo‘jaligi xavfsizligini ta’minlash hamda Markaziy Osiyodagi boshqa kengroq muammolarni bartaraf qilish uchun innovatsion yechimlar taklif qilinadi.
Shveysariya sanoati aniqlik, sifat, innovatsiya va ishonchlilik bilan ajralib turadi. Ushbu mamlakat 13 yildan buyon dunyoning eng innovatsion mamlakatlari reytingida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
– Davlat xizmati va infratuzilmaga ulkan mablag‘ kiritayotgan O‘zbekiston uchun jadal rivojlanish jarayonida qisqa vaqt ichida sezilarli o‘zgarishlar talab qilmaydigan yechimlar zarur, – deydi Shveysariyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy. – Bu borada biz bilan hamkorlik asqotishi mumkin.
Shveysariya kunlari 27 noyabr kuni 13 yetakchi xususiy maktab ishtirokidagi tadbir bilan yakunlanadi. Xususiy maktablar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan maxsus dastur doirasida tashrif buyuruvchilarga ta’lim ko‘rgazmasi, sohaga shveysarcha yondashuv haqida ma’ruzalar, “Colleège Champittet” xalqaro maktabi direktori Filipp de Korodi o‘tkazadigan “Bolalar ongiga o‘qish zavqini singdirish va gadjetga sarflanadigan vaqtni kamaytirish” mavzusidagi munozara taklif qilinadi.
Shuningdek, Shveysariya va O‘zbekistonda ta’limni rivojlantirishna qaratilgan “Swiss Learning Excellence Award” mukofoti sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA