Toshkentda SHHT Forumi yig‘ilishi boshlandi
Hozirgina poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti forumining XIX yig‘ilishi ish boshladi.
Anjumanda 40 dan ortiq ekspert, jumladan a’zo davlatlar milliy tadqiqot markazlari delegatsiyalari, kuzatuvchi davlatlar ekspertlari, muloqot bo‘yicha hamkorlar, shuningdek SHHT Kotibiyati va MATT Ijroiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etyapti.
“Zamonaviy sharoitda SHHTning o‘rni: umumiy xavfsizlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish” mavzusida o‘tayotgan tadbir kun tartibiga uch asosiy sessiya muhokamasi qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun: SHHT Forumi 2006 yil tashkil etilgan bo‘lib, ko‘p tomonlama konsalting, ekspert va tadqiqot tuzilmasi, tuzilma faoliyatini ilmiy ta’minlashning avtonom mexanizmi hisoblanadi. Forum yig‘ilishlari yiliga bir marta a’zo davlatlar milliy tadqiqot markazlari ishtirokida o‘tkaziladi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA