Toshkentda shaxmat bo‘yicha jahon chempionati boshlandi
Poytaxtimizdagi «International Hotel Tashkent” mehmonxonasida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionati start oldi.
Mazkur nufuzli turnir Prezidentimizning 2023 yil 8 mayda qabul qilingan “2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi doirasida tashkil etildi.
9 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi dunyo birinchiligi hamda 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchilari 2-4 avgust kunlari rapid, shuningdek, 6-7 avgust kunlari esa blits yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun dona suradi.
[gallery-18569]
20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida tajribali mutaxassis, FIDE 3.4 zona prezidenti, xalqaro toifadagi hakam Husan Xudoyqulov bosh hakamlik qiladi. Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chemponatini esa xalqaro toifadagi hakam Tomash Delega boshqarib boradi.
Jahon chempionatida Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Ispaniya, Vengriya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Nigeriya, Sloveniya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, BAA, AQSH davlatlaridan kelgan 300 nafarga yaqin shaxmastchi g‘oliblik uchun dona surishadi. Mazkur nufuli musobaqada yurtimiz sharafini Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Xumoyun Bekmuratov, Almaz Rahmatullayev, Asrorjon Omonovlar, Afruza Hamdamova, Guldonoa Karimova, Umida Omonova, Maftuna Bobomurodova, Ozoda Shahzodova, Gulxumor Najmiddinova, Mohizoda Muxsinovalar kabi iqtidor egalari himoya qiladi.
Bugun musobaqaning tantanali ochilish marosimidan so‘ng, nufuzli turnir start oldi.
Musobaqa g‘olibi va sovrindorlari nomi joriy yilning 7 avgust kuni ma’lum bo‘ladi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA