Toshkentda regbi bo‘yicha seminar o‘tkazilmoqda
Shu kunlarda poytaxtimizdagi O‘zbekiston regbi federatsiyasida regbi sport turi bo‘yicha murabbiy va mutaxassislar uchun o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda
Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning 10 nafardan oshiq tajribali mutaxassislari va bir qator havaskor regbi murabbiylari ishtirok etmoqda
Mashg‘ulotlarni xalqaro toifadagi regbi mutaxassisi, Osiyoda regbi musobaqalarini tashkillashtirish va rivojlanish markazi maslahatchisi Geyt Jalajel va Xalqaro regbi federatsiyasi mutaxassisi Sami Smara olib bormoqda.

-Mazkur seminarda regbi murabbiylariga mashg‘ulotlarni olib borish, texnik-taktik ko‘nikmalarni shakllantirish va sport turining metodologik xususiyatlari o‘rgatilmoqda. Mashg‘ulotlarda samarali ishtirok etib, zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ishtirokchilarga xalqaro regbi federatsiyasining sertifikatlari taqdim qilinadi. Ushbu seminarning O‘zbekistonda tashkil etilishi va unda qo‘shni davlat vakillarining ham ishtirok etayotganligi mamlakatimizda regbi sportining rivojiga salmoqli ta’sir ko‘rsatadi, –deydi regbi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Danil Kulikov.

Ertaga o‘tkaziladigan so‘nggi seminar mashg‘ulotlaridan keyin sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan mutaxassislarga sertifikatlar taqdim etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA