Toshkentda polimer sanoatining yangi yechimlari namoyish etilmoqda
Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Plastmassa va polimerlar sanoati - Plastex Uzbekistan-2026” 16-xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilgan tadbirda 255 ta kompaniya o‘z mahsulot va yechimlarini namoyish etmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktor o‘rinbosari Oyimxon Bobojonovaning qayd etishicha, O‘zbekistonda polimer sanoati jadal rivojlanmoqda. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda sohada 2,9 mingta korxona ro‘yxatga olingan. 2025-yilda rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarish hajmi 21,4 trillion so‘mni tashkil etib, 20,4 foizga oshgan. 2026-yil yanvar-aprel oylarida esa mazkur ko‘rsatkich 6,2 trillion so‘mni tashkil qilib, 25,7 foizga o‘sgan.

– Soha xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar, jumladan, quvurlar, profil va plyonkalar ishlab chiqarishga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Bu esa polipropilenga bo‘lgan talabning 26 foizga oshishiga olib kelgan.
Bunday dinamika korxonalarning modernizatsiya, assortimentni kengaytirish va samaradorlikni oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojini kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Plastex Uzbekistan-2026” ishlab chiqaruvchilar, texnologiyalar, xomashyo va uskunalar yetkazib beruvchilar hamda qayta ishlash korxonalari vakillarini birlashtirib, professional muloqot va tarmoq aloqalarini rivojlantirish uchun muhim maydonga aylanmoqda, – dedi O.Bobojonova.
Ko‘rgazmada turli quvvatdagi termoplastavtomatlar, elektr mashinalari, press-qoliplar, robotlashtirilgan tizimlar va yordamchi jihozlar bilan tanishish mumkin. Ekstruzion uskunalar esa quvur, profil, list, qadoqlash va issiqxona plyonkalari ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Shuningdek, ekstruderlar, ishlab chiqarish liniyalari, dozalash va tashish tizimlari, plastmassalarni maydalash, yuvish hamda qayta ishlash jihozlari taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 24-sentabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA