Toshkentda para dzyudo bo‘yicha turnir o‘tkaziladi
Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish yo‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori mamlakatimizda Paralimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz insonlar orasidan sportga qiziqish va layoqati bo‘lganlarni saralab olib, yaqin kelajakda yurtimiz sharafini paralimpiya o‘yinlarida munosib himoya qiladigan professional sportchilar tayyorlash ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

17-18 fevral kunlari respublikamizning barcha hududlaridan para dzyudoga qiziqishi bo‘lgan 150 nafardan ortiq zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz insonlar ishtirokida Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan “Parij sari yo‘l” dasturi doirasida turnir tashkil etilmoqda.
Toshkent shahrida o‘tkaziladigan mazkur seleksion musobaqada ishtirok etayotgan matonat sohiblari dastlab maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ular uchun kichik musobaqa o‘tkaziladi.
Bahslar yakunida ular orasidan para dzyudo sport turiga iqtidori bo‘lganlar saralab olinadi va ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga yo‘naltiriladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA