Toshkentda O‘zbekistondagi ilk doimiy Zamonaviy san’at markazi o‘z faoliyatini boshladi
O‘zbekiston madaniy hayotida muhim voqea yuz berdi — Toshkent Zamonaviy san’at markazi o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekistonda zamonaviy san’atga bag‘ishlangan ilk doimiy muassasa sifatida tashkil etilgan ushbu Markaz ko‘rgazmalar, ta’lim va tadqiqot dasturlari, xalqaro madaniy hamkorlik hamda jamoatchilik uchun turli madaniy tadbirlarni o‘zida mujassam etgan yangi platformaga aylanadi.
1912-yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashgan Markaz zamonaviy madaniy muassasa uchun zarur bo‘lgan ko‘rgazma maydonlari, kutubxona, konsept-do‘kon, restoran, ta’lim zonasi, uchrashuvlar va tadqiqotlar uchun jamoat joylarini o‘z ichiga oladi. Bunday majmuaviy yondashuv Toshkent Zamonaviy san’at markazini Markaziy Osiyoda o‘z toifasidagi noyob muassasaga aylantiradi.

Markaz binosining me’moriy rekonstruksiyasi dunyoga mashhur Studio KO me’morlik byurosi tomonidan loyihalashtirilgan. Binoni zamonaviy madaniy markazga aylantirish jarayonida uning tarixiy qiyofasi va sanoat me’morchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Natijada sobiq elektr stansiyasi tarixiy meros zamonaviy san’at va me’morchilik bilan uyg‘unlashadigan yangi makonga aylanmoqda.
Toshkent Zamonaviy san’at markazi — O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining loyihasidir. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan. Loyiha mamlakatda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy san’at ekotizimini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslarning bir qismidir.
Markazning ochilishi O‘zbekiston madaniy infratuzilmasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, ko‘rgazma loyihalari, tadqiqotlar, ta’lim dasturlari va madaniy almashinuv orqali mahalliy hamda xalqaro san’at sahnasini birlashtirishga xizmat qiladi.

— Toshkent Zamonaviy san’at markazining ochilishi O‘zbekiston madaniy infratuzilmasini rivojlantirish va barqaror zamonaviy san’at ekotizimini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli qarashlarimizni amalga oshirishda muhim qadamdir. Markaz rassomlar, tadqiqotchilar, kuratorlar va turli jamoalar vakillari uchrashadigan makonga aylanadi. Bu yerda mahalliy ijodiy muhit xalqaro madaniy maydon bilan to‘laqonli muloqot qila oladi. Biz nafaqat zamonaviy san’atni namoyish etadigan, balki ta’lim, tadqiqot va xalqaro hamkorlik orqali uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan muassasa yaratishga intilamiz, — dedi O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.
Ochilish kuni mehmonlarga Markaz faoliyatining ajralmas qismiga aylanadigan muntazam ko‘rgazmalar, panel muhokamalari, ma’ruzalar, konsertlar, spektakllar, kinonamoyishlar va ta’lim tadbirlarini o‘z ichiga olgan mazmunan boy dastur taqdim etildi.
Markaz faoliyati o‘zbekistonlik rassomlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mahalliy auditoriyani dunyoning yetakchi zamonaviy rassomlari ijodi bilan tanishtirishga qaratilgan. Shuningdek, Markaz o‘zbek rassomlarini xalqaro miqyosda tanitish, ularning hamkorlik, tadqiqotlar va xalqaro san’at loyihalarida ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Ilk ko‘rgazma — "Hikmat"
Toshkent Zamonaviy san’at markazining ilk ko‘rgazmasi doktor Sara Raza kuratorligidagi "Hikmat" ko‘rgazmasi bo‘ldi. Ko‘rgazma nomi arab tilidagi "hikmah" so‘zidan olingan bo‘lib, "donolik" degan ma’noni anglatadi. Ekspozitsiya mahalliy an’analar, ma’naviy meros va zamonaviy ijodiy amaliyotlarning kesishuv nuqtalarini tadqiq etadi.
— "Hikmat" ko‘rgazmasi an’analar, moddiy madaniyat va zamonaviy ijodiy amaliyotlar o‘rtasidagi yangi kesishmalarni o‘rganadi. Ko‘rgazma turli mamlakatlardan kelgan rassomlarni birlashtirib, madaniyat, xotira va san’at ustida doimiy mulohaza yuritish jarayoni sifatida donolikni yangicha anglashni taklif etadi, — dedi Toshkent Zamonaviy san’at markazi bosh kuratori, san’atshunos olima, doktor Sara Raza.
Ko‘rgazmada Muhannad Shono, Nari Uord, Shohrux Rahimov, Tarik Kisvanson, Kimsuja, Ali Sherri, Nadya Kaabi-Linke, shuningdek, Vladimir Pan, Daribay Saipov va Baxtiyor Soipovlarning asarlari namoyish etilmoqda. Ularning ijodiy ishlari I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi to‘plamidan taqdim etilgan.
Badiiy asarlardan tashqari, ko‘rgazma dasturidan Toshkent Zamonaviy san’at markazi musiqa kuratori Sabina Inoyatova tomonidan tayyorlangan ovozli installyatsiya ham o‘rin olgan.
Markazning birinchi xalqaro loyihasi
Shuningdek, Markaz 61-Venetsiya Zamonaviy san’at biyennalesining rasmiy parallel loyihasi sifatida "Tafakkur asboblari" ko‘rgazmasini taqdim etmoqda. Ayni paytda ushbu ko‘rgazma Venetsiyadagi Franketti saroyida namoyish etilmoqda va 2026-yil 22-noyabrgacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Loyiha Markaziy Osiyoning atoqli rassomlaridan biri Vyacheslav Oxunov ijodiga bag‘ishlangan bo‘lib, Toshkent Zamonaviy san’at markazining birinchi xalqaro ko‘rgazma loyihasi hisoblanadi.
Xalqaro va mahalliy hamkorlik
4-sentyabr kuni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Toshkent Zamonaviy san’at markazining ommaviy dasturi doirasida niderland-marokashlik dizayner Muhammad Benshellalning ko‘rgazmasi ochildi. To‘plam dizaynerning 2025-yilda Toshkentdagi art-rezidensiyasi davomida O‘zbekiston madaniyati, hunarmandchilik an’analari va me’moriy merosidan ilhomlanib yaratilgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA