Toshkentda “Otlar paradi” ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizda yangilanish, do‘stlik va birdamlik, tinchlik va taraqqiyot ramziga aylangan Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami yurtimizda katta shodiyonalar bilan nishonlanmoqda.
Ayyom munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan kuch tuzilmalari kavaleriya bo‘linmalari ishtirokida Milliy gvardiya boshchiligida "Otliq kavaleriya paradi" tashkil etildi.
Parad ishtirokchilari Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasi avtoturargohidan Amir Temur xiyoboni bo‘ylab, “Hyatt” mehmonxonasi avtoturargohigacha bo‘lgan masofada harakatlanib, poytaxtimiz ahliga va mehmonlarga bir olam zavq ulashdi.
[gallery-25077]
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan mazkur tadbirda turli vazirlik va tashkilotlardan, xususan Milliy gvardiya faxriy qorovul bataloni kavaleriya eskadroni, Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari, Milliy gvardiya Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi chavandozlari ishtirok etishdi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda ot sporti rivojiga berilayotgan alohida e’tibor natijasida "Otliq kavaleriya" paradi mamlakatimizda nishonlanadigan bayram sanalari arafasida doimiy tashkil etilishi an’anaga aylanib ulgurdiki, mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik shodiyonalari nishonlanayotgan ayni kunlarda respublikamizning ko‘plab maskanlarida hamkor vazirlik va hokimliklar bilan birgalikda “otlar paradi” o‘tkazilmoqda.
T. Ro‘ziyev, N. Haydarov (foto), O‘zA