Joriy yilning 22-23 may kunlari Markaziy Osiyo elektr energetikani muvofiqlashtiruvchi kengashining 41-yig‘ilishida sohaga doir qator masalalar muhokama qilindi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlari elektr energetika mutaxassislari ishtirok etdi. Shuningdek, kengash ishida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi va “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi mas’ullari ham qatnashdi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi – Markaziy Osiyo elektr energetikani muvofiqlashtiruvchi kengashining 41-yig‘ilishi raisi Dadajon Isaqulov, “Barki tochik” energetika kompaniyasi bosh direktori Mahmadumar Asozoda, “KEGOS” kompaniyasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Bakitxan Jazikbayev, “Qirg‘iziston magistral elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori Altinbek Risbekov va boshqalar energetika sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash ta’minotning barqarorligini ta’minlashda muhim ekanini aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, kengash Markaziy Osiyo energetika tizimlarining hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan kompleks foydalanishni ta’minlash, energetika sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha maslahat organi hisoblanadi.
[gallery-17513]
Shuningdek, ishchi tartibdagi majlislarda Armaniston va boshqa MDH davlatlari mutaxassislari videokonferensaloqa orqali taqdimotlar qildi. Rossiya Federatsiyasi mutaxassislari kuzatuvchi maqomida ishtirok etib, texnik-muhandislik masalalari yechimida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilishda 2024 yilning vegetatsiya davrida suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, energiya taqchilligi va yirik avariyalarning oldini olish, hamkorlikning istiqbolli rejalari, 2024/2025 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari va mavjud muammolarning yechimlari tahlil qilinib, atroflicha muhokama etildi. Shu bilan birga, elektr energetika tarmog‘i dispetcherlari hamda mutaxassislarining dispetcherlik jadvaliga rioya qilish, navbatchi xodimlar va dispetcherlarning malakasini oshirish va tajriba almashish yuzasidan fikrlashildi. Soha mutaxassislari o‘rtasida mashg‘ulotlar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida kengash ishiga mezbonlik qilish navbati O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tgani va uning navbatdagi yig‘ilishi 2024 yilning oktyabr oyida Almati shahrida o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA