O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan Madaniy meros agentligi tomonidan O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qurilishdagi qonun buzilish holati yuzasidan da’vo arizasi kiritilgan edi.
Jamg‘armadan xabar berishlaricha, poytaxtimizdagi tumanlararo iqtisodiy sudi Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 28-uyda qurilish ishlarini to‘xtatish to‘g‘risida hukm chiqardi.
Qayd etish kerak, Amaliy san’at muzeyi nafaqat madaniy meros ob’ekti, balki o‘z davrining me’moriy va badiiy an’analarini aks ettiruvchi Toshkent modernizmi bebaho namunasi hisoblanadi. Shu singari maskanlarni saqlab qolish tarixiy merosni himoya qilish, shuningdek, shaharning noyob me’moriy o‘zligini e’tirof etishdir.

– Sud taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, qurilish qoidabuzarliklar bilan olib borilayotgani, uning davom ettirilishi madaniy meros ob’ektiga zarar yetkazishi mumkinligi to‘g‘risida xulosaga keldi. Sud ishlarni zudlik bilan to‘xtatish, noqonuniy qurilmalarni demontaj qilish va uchastkani asl holiga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqardi, – deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Toshkentning tarixiy muhitini asrab-avaylash va mamlakat madaniy merosini himoya qilish tamoyillariga doimo sodiqdir. Qabul qilingan sud qarori tarixiy va madaniy qiymatga ega bo‘lgan hududlarda qonunchilikka qat’iy rioya etish va qurilish loyihalariga mas’uliyat bilan yondashish zarurligini tasdiqlaydi.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA