Toshkentda katta tennis bayrami
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida Professional tennischilar uyushmasi (ATR) musobaqalari taqvimidan joy olgan “Tashkent Challenger – 2015” an’anaviy xalqaro turniri boshlandi. Nufuzli musobaqada yigirmaga yaqin davlatdan kelgan raketka ustalari yakkalik va juftlik bahslarida kuch sinashmoqda.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida Professional tennischilar uyushmasi (ATR) musobaqalari taqvimidan joy olgan “Tashkent Challenger – 2015” an’anaviy xalqaro turniri boshlandi. Nufuzli musobaqada yigirmaga yaqin davlatdan kelgan raketka ustalari yakkalik va juftlik bahslarida kuch sinashmoqda.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, tennisni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida mamlakatimizning barcha hududida zamonaviy tennis kortlari barpo etilib, yoshlarning shug‘ullanishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotir. Buning natijasida yurtimizda mahoratli tennischilar yetishib chiqib, xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etmoqda.
Joriy yilda Denis Istomin Buyuk Britaniyaning Nottengem shahrida o‘tgan “Aegon Nottingham Open – 2015” va Shveytsariyaning Gshtaad shahri mezbonlik qilgan “Suisse Open Gstaad – 2015” xalqaro turnirlarining juftlik bahslarida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Turkiyaning Agri shahrida o‘tkazilgan “Agri Chellenger – 2015” xalqaro turnirining yakkalik bahslarida hamyurtimiz Farrux Do‘stov barcha raqibini yengib, musobaqa g‘olibiga aylandi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi Professional tennischilar uyushmasi (ATR), Xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) va Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) bilan hamkorlikda erkaklar, xotin-qizlar, o‘smirlar va bolalar o‘rtasida xalqaro miqyosdagi musobaqalarni muntazam o‘tkazib kelmoqda.
– O‘zbekistonda barcha musobaqalar yuqori saviyada tashkil etiladi, – deydi turnir direktori S.Utrapati (Hindiston). – Jumladan, “Tashkent Challenger – 2015” musobaqasi yuqori saviyada o‘tishi uchun zarur sharoitlar muhayyo qilingan. Ushbu turnir "Challenger" turkumiga kiruvchi musobaqalar ichida eng nufuzlilaridan biridir.
“Tashkent Challenger – 2015” an’anaviy xalqaro turnirida Vatanimiz sharafini Denis Istomin, Farrux Do‘stov, Sanjar Fayziyev, Shonig‘matjon Shofayziyev, Jo‘rabek Karimov, Temur Ismoilov, Humoyun Sultonov, Saida’lo Saidkarimov kabi iste’dodli tennischilarimiz himoya qilmoqda.