Toshkentda III xalqaro gidlar forumi oʻtkazilmoqda
21 fevral – Butunjahon ekskursovodlar kuni munosabati bilan Toshkentda III xalqaro gidlar forumi oʻz ishini boshladi.
21 fevral – Butunjahon ekskursovodlar kuni munosabati bilan Toshkentda III xalqaro gidlar forumi oʻz ishini boshladi.
“Buyuk ipak yoʻli: chegarasiz hamkorlik” nomi ostida oʻtayotgan forumda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan gidlar, turoperatorlar, muzeyshunoslar va turizm sohasi boʻyicha boshqa mutaxassislar, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forumning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchisi Abdulaziz Oqqulov Oʻzbekiston Respublikasi gidlar uyushmasi tashkil etilganini aytib oʻtdi.
– Gidlar uyushmasini tashkil etish masalasi 10 yildan ziyod vaqt davomida oʻrtaga tashlanib kelinayotgan edi va nihoyat Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Turizm oʻquv konsalting markazi” davlat unitar korxonasi va mamlakatimiz gidlarining birgalikdagi saʼy–harakatlari bilan loyiha amalga oshdi, – dedi A.Oqqulov.
A. Oqqulovning qayd etishicha, gidlar uyushmasi Oʻzbekiston turizm bozori ishtirokchilarini oʻzida birlashtirib, uning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda sayyohlik sohasida gidlik faoliyati uchun samarali boʻlgan ijtimoiy iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.
Ayni vaqtda Forum doirasida “Buyuk ipak yoʻli: chegarasiz hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda.
Forum ikki kun davom etadi.