2025 yil 1 maydan 3 maygacha Toshkent shahrida an’anaviy Gullar festivali bo‘lib o‘tadi. Tadbir Milliy kutubxona maydonida tashkil etiladi.
Festivalning asosiy maqsadi — jamoatchilik e’tiborini ekologik madaniyatni oshirish, tabiatni asrash, yosh avlod ongida ekologik bilim va qarashlarni shakllantirish hamda “yashil iqtisodiyot” g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratishdan iborat.
Tadbirda ekologik dizayn, barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida faoliyat yuritayotgan tashkilot va tashabbuskorlar ishtirok etadi. Ular o‘z loyihalarini namoyish etib, hamfikrlar va kelgusidagi hamkorlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Festival doirasida keng jamoatchilik uchun foydali uchrashuvlar, taqdimotlar va ekotashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Aziza Saidazimova,
O‘zMU talabasi