Toshkentda Germaniya milliy bayrami nishonlandi
Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan Germaniya birligi kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida tashkil etilgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Germaniya delegatsiyasi, diplomatik korpus a’zolari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, 1990 yil 3 oktyabr kuni ikkiga bo‘lingan Germaniya bir davlatga birlashdi. Bu kun milliy bayram – Germaniya birligi kuni sifatida keng nishonlanadi.
Tadbirni ochib bergan GFRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer Germaniya birligi kunining tarixiy ahamiyati haqida to‘xtaldi. Shuningdek, elchi O‘zbekiston Germaniya munosabatlarining bugungi holati va o‘zaro manfaatli hamkorlikning kelgusi istiqbollari xususida so‘z yuritdi. Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalarda kengaydi va faollashdi.
[gallery-25567]
Marosimda Germaniya madaniyati va musiqasidan namunalar ijro etildi. Mehmonlarga nemis milliy taomlari ulashildi.
– Mamlakat birlashgan kun nemis xalqi uchun katta shodiyona, – deydi Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi Iqtisodiyot va matbuot bo‘limi rahbari Rebeka Doverne. – G‘arbiy va Sharqiy Germaniyaning birlashuvi xalqimizga tinchlikni tuhfa etdi. Yurtingizda vatandoshlarimiz bilan milliy bayramimizni keng nishonlayotganimizdan juda xursandmiz.
Mehmonlarning samimiy va do‘stona ruhdagi muloqoti bilan davom etgan tadbir O‘zbekiston Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova, O‘zA