O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan 2019 yildan buyon an’anaviy ravishda bolalar rasmlari ko‘rgazmasi o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yillar mobaynida Markaz tomonidan “Dunyo – bolalar nigohida”, “Ranglarning sehrli dunyosi”, “Yaxshilik va tinchlik diyori”, “Zamin tinchligi – o‘z qo‘limizda”, “Tabiatni birgalikda asraylik” mavzularida tashkilotga a’zo davlatlar bolalari ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Ushbu ajoyib an’ananing davomi sifatida joriy yil Markaz tomonidan “Ertaklar olamida” VI SHHT bolalar rasmlari tanlovi e’lon qilingan edi. Tashkilotga a’zo davlatlardagi bolalar ijodiy qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning xalq og‘zaki ijodiyotiga qiziqishini oshirish, tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalarini keng targ‘ib etish, yosh avlod o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan loyihaga 7 davlat, yurtimizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bu gal rekord darajada – jami 3700 dan ko‘p ariza qabul qilindi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur ijod namunalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi bilan xamkorlikda ko‘rgazma tantanali ravishda ochildi.
Akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan тадбирда xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari, tajribali rassom va yozuvchilar, ijodiy ishlar mualliflari va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada yosh iste’dod egalarining tomoshabinni ertak va afsonalar sehrli olamiga yetaklaydigan asarlari o‘rin olgan. Aytish joiz, ushbu anjuman SHHTga a’zo davlatlar yosh ijodkorlarining o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi. Quvonarlisi, yosh rassomlar nafaqat milliy ertak qahramonlarini aks ettirgan, balki turli xalqlar og‘zaki ijodiyoti unsurlariga ham murojaat qilishgan. Chizmalar bolalar tasavvur dunyosi chegara bilmasligi, har kim o‘z ertak olami yaratuvchisiga aylanishi mumkinligini namoyon ztgan.
Hakamlar hay’ati uchun g‘oliblarni aniqlash oson kechmadi. Yuqori saviyadagi ijodiy ishlar soni ko‘pligi bois, tanlov tashkiliy qo‘mitasi tomonidan qo‘shimcha nominatsiyalar e’lon qilindi.

Nufuzli tanlovning oliy mukofoti – Gran-pri Buxoro viloyati sharafini himoya qilgan Nozanin Faxriddinovaga nasib qildi. Faxri 1-o‘rinni Toshkent shahri vakili Aleksandr Popov qo‘lga kiritdi. Keyingi sovrinli o‘rinlarga Sirdaryodan Farangiz Abdino‘’monova hamda Farg‘onadan kelgan Malika Erkinovaning ishlari munosib ko‘rildi.
Surxondaryolik Havasbek Normamatov “E’tirof”, Toshkent viloyati jamoasi a’zosi Munisa Shokiriddinova “Ranglar jilosi”, poytaxtliklar Alina Safina va Samina Vosidova mos ravishda “Ezgulik g‘alabasi” va “Ertak syujetining eng yaxshi tasviri”, samarqandlik yosh ijodkorlar Asila Akbarova va Ruxshona Rustamova “Ertak qahramoni chizilgan eng yaxshi rasm” va “Ertakda xalq diplomatiyasi ifodasi” nominatsiyalari bo‘yicha alohida e’tirof etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Ertaklar olamida” sahna ko‘rinishi hamda Toshkent shahri “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar marosimga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
Ta’kidlash joiz, bolalarning san’atga ishtiyoqi va iqtidorini aniqlash, o‘g‘il-qizlarimizni doimiy tarzda qo‘llab-quvvatlab borish, ular uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishda bunday ko‘rgazmalarning o‘rni beqiyos.

G‘.Xonnazarov, O‘zA