Poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” bog‘i hududida “Asal bayrami” va asalarichilik mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. 10 dekabrgacha bo‘ladigan ushbu tadbir “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Yarmarka doirasida barcha viloyatlardan 350 dan ortiq asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sub’ektlar va sohaning 1500 ga yaqin ilg‘or vakillari ishtirok etmoqda. Mazkur tadbirlarga qatnashish uchun Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlaridan nufuzli mehmonlar, mazkur davlatlardagi ilmiy-tadqiqot institutlari professor va olimlari hamda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar tashrif buyurgan.
“Asal bayrami” va asalarichilik mahsulotlarining ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida respublika hududlarida yetishtirilgan asal va asalari mahsulotlari savdo-yarmarkasi tashkil qilinadi va aholiga sifatli asal mahsulotlari yetkazib beriladi.
Asalarichilik sohasi rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislar va olimlarni taklif etgan holda asalarichilik bo‘yicha ilg‘or tajribalar targ‘ib qilinadi.
Asalarichilar o‘rtasida tajriba almashish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tasdiqlangan dastur asosida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkaziladi. Respublika va xorijiy davlatlarda asalarichilik sohasida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar, uskunalar hamda veterinariya dori vositalari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
“Asal bayrami” tadbirlarida ishtirok etayotgan asalarichilik sub’ektlari o‘rtasida 13 ta nominatsiya bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi hamda tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari, shuningdek maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanadi.
Respublikaning turli mintaqalari va qo‘shni davlatlardan kelgan ishtirokchilar uchun bog‘ hududidan maxsus pavilonlar ajratilgan. U yerda ishtirokchilar nafaqat mahsulotni namoyish etish, balki o‘z mahsulotlarini keng jamoatchilik va poytaxt mehmonlariga sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ishtirokchilar va ularning vakillari 2-9-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan asalarichilikning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlarda ishtirok etishlari mumkin. Seminarlar ochiq muloqot tarzida tashkil etiladi, ma’ruzalar va mahorat darslari shaklida olib boriladi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlarda asalarichilik sub’ektlari oladigan daromadning 70 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jalik ekinlari va mevali bog‘larni asalarilar bilan changlatish xizmatini ko‘rsatish hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Asalarichilik sohasida amalga oshirilgan samarali tadbirlar natijasida 2024 yilda asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 32 mingtaga yetkazilib, 2023 yilga nisbatan 114 foizga ko‘paygan. Respublikamizda parvarish qilinayotgan asalari oilalari soni esa 1 million 400 mingtaga yetkazildi. 2024 yilda asal yetishtirish 35 ming tonnani tashkil etdi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosirjon Haydarov (surat)
O‘zA