Toshkentda “Al Jazeera Media Week” xalqaro media haftaligi muvaffaqiyatli yakunlandi
Toshkent shahrida media sohasi vakillari uchun yilning muhim voqealaridan biri — “Al Jazeera Media Week” xalqaro media haftaligining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) hamda “Al Jazeera Media Network” hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik munosabatlarining media sohasidagi amaliy ifodasi bo‘ldi.

Bir hafta davomida ishtirokchilar zamonaviy media sohasidagi eng dolzarb tendensiyalar — raqamlashuv, sun’iy intellekt, yangi axborot formatlari va multimedia texnologiyalari bo‘yicha xalqaro tajriba bilan tanishdilar. O‘quv dasturi beshta asosiy yo‘nalishni qamrab oldi. Mobil jurnalistika (Mobile Journalism), sun’iy intellekt (Artificial Intelligence), raqamli media (Digital Media), vizual materiallarni loyihalash va tahrirlash (Designing and Editing Visuals), umumiy media ko‘nikmalar (General Media Skills) shular jumlasidandir.

Media haftaligining muhim jihatlaridan biri — tadbirda faqat MTRK xodimlari emas, balki mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan «Dunyo» axborot agentligi, «Renaissance TV», «ZO‘R TV», «MY5», «Seimli» kabi yetakchi nodavlat telekanallar vakillari hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining iqtidorli talabalari ham ishtirok etganidir.
Jami 100 nafarga yaqin jurnalist, media mutaxassisi va yoshlar qamrab olingan intensiv o‘quv mashg‘ulotlari “Al Jazeera”ning tajribali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Haftalik yakunida kurs ishtirokchilariga xalqaro darajadagi sertifikatlar topshirildi.

Tantanali yopilish marosimida O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasbiy mahorati va salohiyatini oshirish davlat siyosatida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Shuningdek, zamonaviy media muhiti talablariga javob beradigan, xalqaro tajriba va innovatsion yondashuvlarni chuqur o‘zlashtirgan malakali kadrlarni tayyorlash muhim vazifalardan biri ekani qayd etildi.
“Al Jazeera” telekanalining professional mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan treninglar ishtirokchilar uchun zamonaviy jurnalistika va media texnologiyalarini amaliyotda o‘rganish imkonini bergan o‘ziga xos mahorat maktabiga aylandi. Mashg‘ulotlar davomida ilg‘or axborot formatlari, vizual kontent yaratish, mobil jurnalistika hamda sun’iy intellektdan media sohasida samarali foydalanish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalar berildi.

Ta’kidlash joizki, “Al Jazeera Media Week” nafaqat malaka oshirish, balki yangi g‘oyalar, professional muloqot va xalqaro tajriba almashinuvi uchun muhim platforma vazifasini ham bajardi. Haftalik doirasida ilgari surilgan innovatsion yondashuvlar va zamonaviy media yechimlari O‘zbekiston axborot makonining yanada rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, media sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy poydevorini mustahkamlash maqsadida “Al Jazeera Media Institute” hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat kelgusida qo‘shma o‘quv dasturlarini tashkil etish, ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda yirik media va kontent loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

“Al Jazeera Media Week” xalqaro media haftaligi shu tariqa zamonaviy jurnalistika, innovatsion texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni uyg‘unlashtirgan muhim professional maydon sifatida o‘z ishini yakunladi.
O‘zA