Toshkentda 8 davlat avtopoygachilari o‘zaro bellashdi
Poytaxtimizda sakkizta davlatdan 32 nafar mahoratli avtopoygachi ishtirokida "Uzbekistan Asia Auto Gymkhana Championship 2026" musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Chempionatning o‘ziga xos jihatlaridan biri — barcha ishtirokchilar uchun teng texnik sharoit yaratilganidir. Ya’ni, “UzAuto” ko‘magida sportchilarga “Chevrolet Onix” avtomobillari taqdim etildi va kurash aynan ushbu avtomobillarda eng yaxshi natijalar uchun kechdi.

Bu bir xil texnikada turli darajadagi avtosportchilarning o‘zaro raqobati bo‘lib, unda mahorat, aniqlik, tezkor reaksiya, avtomobilni his qilish va belgilangan masofani imkoniyatlar chegarasida bosib o‘tish talab etiladi.
Murosasiz kechgan musobaqalarda O‘zbekistonning to‘rt nafar vakili saralash poygalarining birinchi bosqichiga yo‘llanma olgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasidagi bahslarda qirg‘izistonlik Alena Vershinina 59.869 soniya vaqt bilan chempionatning eng yaxshi ko‘rsatkichini qayd etdi.

O‘zbekistonlik avtopoygachi ayollardan Sabina Yusupova 1 daqiqa 04.180 soniya, Saminaxon Ahmadjonova 1 daqiqa 03.000 soniya, Malikaxon Zaynutdinova 1 daqiqa 17.116 soniya, Oksana Glova esa 1 daqiqa 24.823 soniya natija ko‘rsatib, avtosportdagi mahoratini yanada oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA