Toshkentda 500 dan ortiq fuqaroning ko‘p yillik orzusi amalga oshdi
Ba’zan inson uchun uy shunchaki to‘rt devor emas, balki u yillar davomida bunyod etilgan hayot, oila xotiralari, farzandlar kelajagi va eng muhimi xotirjamlikdir. Ammo uzoq yillar davomida ayrim fuqarolarimiz o‘zlari yashab kelayotgan uy-joylari, foydalanib kelayotgan yer maydonlari hamda bunyod etgan bino-inshootlariga nisbatan huquqlarini rasmiylashtira olmay, ko‘p savollar va muammolar bilan yashab keldi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni hayotimizga shunchaki qog‘ozda emas, amalda o‘zgarishlar olib kelmoqda. Xalqchil qonun ijrosi orqali yillar davomida o‘z uyiga o‘zi begona bo‘lib, “Hujjatim qachon bitar ekan?” deb intizor kutgan minglab yurtdoshlarimizning xonadonlariga quvonch kirib bormoqda.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan xatlov ishlari natijasiga ko‘ra, yana 525 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylari, ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari e’tirof etildi. Shu tariqa, poytaxt hududida mazkur Qonun doirasida huquqlari e’tirof etilgan fuqarolar soni 927 nafarga yetdi.
Bu ko‘rsatkich shunchaki hisobotdagi quruq raqamlar emas. Bu — yillar davomida hujjat sabab sarson bo‘lgan oilalarning xotirjamligi, ro‘yobga chiqqan orzulari hamda kadastr sohasi fidoyilarining tunu kun olib borgan mashaqqatli mehnati mahsuli hisoblanadi.

Ushbu qonun fuqarolarga o‘z uy-joylariga bo‘lgan huquqlarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkonini beradi. Shundan so‘ng ular uy-joyni oldi-sotdi qilish, hadya etish, meros qoldirish, bank kreditlari uchun garov sifatida rasmiylashtirish, mulk bilan bog‘liq boshqa huquqlarni qonuniy amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xatlov bu har bir uyning, har bir inshootning huquqiy himoyasi va kelajagi yo‘lidagi qadam demakdir.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA