Toshkentda 1 ming 400 nafar talaba universitet diplomini oldi
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining 2026-yilgi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, joriy yil universitetning 1 ming 400 nafar bitiruvchisi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘ldi.
Tantanali tadbirda Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan professorlar, xususan, London Vestminster universiteti prezidenti va rektori, professor Piter Bonfild ham ishtirok etdi. Professor Bonfild o‘z nutqida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda universitetning tutgan o‘rnini alohida ta’kidladi.

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori Komiljon Karimov bitiruvchilarni tabriklab, kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, ta’lim sifati va talabalar kamolotiga hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar hamda universitet xodimlariga minnatdorlik bildirildi.
D.HAKIMOV,
O‘zA