“Yevronyus” axborot agentligi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan yirik Xalqaro investitsiya forumi haqida xabar berdi. Maqolada iqtisodiy salohiyati yil sayin o‘sib borayotgan mamlakatimizning mintaqada yirik islohotchi davlat sifatidagi roli yuksalayotganiga alohida urg‘u berilgan.
Nashr anjumanda qatnashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqidan iqtibos keltirgan. Masalan, o‘tgan yil investitsiya 35 milliard, eksport miqdori 27 milliard dollarga yetgani, bunda 4 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Toshkent Xalqaro investitsiya forumining ham beqiyos hissasi borligi ta’kidlangan.
Ma’lumki, 100 davlatdan 7500 vakil ishtirok etgan forumda energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiya, tog‘-kon sanoati kabi muhim sohalarda umumiy qiymati 26 milliard yevrodan ziyod shartnomalar imzolandi.
O‘zbekiston – Amerika Savdo palatasi raisi Kerolin Lemm tadbir haqida shunday deydi:
– Eng muhimi, mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlik hukmron, rahbariyat xorijiy sarmoyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Hamkorlar kambag‘allikka qarshi kurashish, kuchli bozor yordamida iqtisodiyotni rivojlantirish uchun salmoqli sarmoya kiritishni xohlashyapti.
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitsoning tashrifi forumning muhim lahzalari bo‘ldi. O‘zbekiston va Slovakiya aloqalari yanada mustahkamlanib, strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Slovakiya Bosh vaziri o‘rinbosari Denisa Sakova Yevropani sarmoya uchun yangi bozor izlashga chaqirdi:
– Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti – Germaniyada ham ikki yildan buyon tanazzul kuzatilyapti. Bunday holat Avstriyaga ham begona emas. Qit’ada o‘rtacha iqtisodiy o‘sish o‘tgan oy 1,5 foizdan 0,9 foizga tushdi. Biz butun dunyo, jumladan Markaziy Osiyodan rivojlanayotgan yangi bozorlar izlashimiz kerak. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston nafaqat Slovakiya, balki butun Yevropa uchun muhim hamkor.
Forumda “Data Volt” kompaniyasi bilan juda foydali kelishuv amalga oshirildi. Bosh direktor Rajit Nanda ta’kidlashicha korxona kelgusi besh yil ichida mamlakat raqamli infratuzilmasiga 5 milliard dollar sarmoya kiritadigan bo‘ldi. Dastlabki qadam allaqachon qo‘yilib, 200 million dollarlik boshlang‘ich loyiha ilgari surildi.
– Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyoning kelajakdagi raqamli markazi sifatida O‘zbekiston mavqeini oshirish, – deydi Rajit Nanda.
Xalqaro forumda “yashil” energiya hamda kichik va o‘rta biznesga sarmoya kiritish ham asosiy mavzulardan biriga aylandi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso ayni masalaga alohida to‘xtaldi:
– Biz qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga faol sarmoya kiritamiz va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistondagi investitsiyaning 70 foizi xususiy sektor – kichik va o‘rta biznesga to‘g‘ri keladi. Hozirgina eng yirik xususiy farmatsevtika kompaniyasi bilan loyiha imzoladik.
Saudiyalik yirik tadbirkor, “ACWA Power” kompaniyasi Boshqaruvi kengashi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan ham o‘z fikrlarini bayon qilgan:
– Bugungi kelishuvlarimiz faqat “yashil” energiya bilan bog‘liq emas. Bilimni mahalliylashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, mahalliy mutaxassislar tayyorlash, sifatli ish o‘rinlari yaratishga ham kelishib oldik. Biz O‘zbekistonni o‘z “yashil” energiyasini Yevropa va boshqa mintaqalarga tarqatadigan eksport markazi sifatida ko‘ryapmiz. Respublika nufuzli xalqaro kompaniyalarni o‘ziga jalb qilmoqda va bu juda quvonarli hol.
Xalqaro forumning yana bir ishtirokchisi, “Boing Global” yetakchisi Brendan Nelsonning fikricha, iqtisodiy o‘sish va yuqori turmush darajasini ta’minlash uchun ta’limga mablag‘ yo‘naltirish zarur.
– Bu har qanday davlat va insonning o‘ziga eng foydali sarmoyasi hisoblanadi, – deydi tadbirkor. – Ayni munosabat nafaqat texnik fanlarga, balki moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikka ham tegishli.
Anjumanda O‘zbekiston xorijiy sarmoya uchun yangi imkoniyatlar yaratishga tayyorligi yana bir bor ta’kidlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KivMzpR66Yo" title="Toshkent Xalqaro forumi “Yevronyus” nigohida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA