Toshkent xalqaro aeroporti Qozondan Nordwind Airlines’ning ilk reysini qabul qildi
Toshkent xalqaro aeroportida Rossiyaning Nordwind Airlines aviakompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reys tantanali ravishda kutib olindi.
Aviatsiya an’anasiga muvofiq, yangi yo‘nalishning ochilishi munosabati bilan havo kemasi suv arkasi ostida qarshi olindi. Ilk reys bilan Toshkentga 220 nafar yo‘lovchi yetib keldi. Shu kunning o‘zida Toshkentdan Qozon shahriga yo‘l olgan qaytish reysi esa 207 nafar yo‘lovchi bilan amalga oshirildi.
Endilikda Qozon va Toshkent o‘rtasidagi muntazam parvozlar haftasiga ikki marta bajariladi. Reyslar Qozondan dushanba va juma kunlari, Toshkentdan esa seshanba hamda shanba kunlari amalga oshirilib, parvoz davomiyligi o‘rtacha 3 soat 30 daқиқaни tashkil etadi.
Mazkur yo‘nalishda Nordwind Airlines parvozlarni amalga oshirayotgan beshinchi aviatashuvchiga aylandi. Ayni paytda Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia va UVT Aero aviakompaniyalari ham Toshkent–Qozon yo‘nalishida muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.
2008-yilda tashkil etilgan Nordwind Airlines Rossiyaning yirik xususiy aviakompaniyalaridan biri hisoblanadi. Aviakompaniyaning asosiy bazasi Moskva shahridagi Sheremetevo xalqaro aeroportida joylashgan bo‘lib, uning marshrutlar tarmog‘i 200 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olgan. Parvozlar Boeing 737, Boeing 777, Airbus A321 va Airbus A330 rusumli zamonaviy havo kemalarida amalga oshiriladi.
Yangi aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada mustahkamlash, sayyohlik va ishbilarmonlik safarlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA