Poytaxtimizda Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Tashkent International University of Education (TIUE) – Toshkent Xalkaro Ta’lim universiteti ochilgan edi.
Universitetda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab talabalarga pedagogika (STEAM), informatsion texnologiyalar va biznes boshqaruvi yo‘nalishlarida bakalavr bosqichida kunduzgi va kechki ta’lim beriladi.
O‘zA muxbiri mazkur universitetda amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar uchun yaratiladigan imkoniyatlar, belgilangan vazifalar, kelgusidagi rejalar xususida ta’lim muassasasi rektori Ulug‘bek Qosimxodjayev bilan suhbatlashdi.
– Malakali kadrlar masalasi doimo muhim sanaladi. Ayniqsa bu ta’lim bilan bog‘liq bo‘lsa. Shundan kelib chiqib, yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar va ularning samaralari haqida fikringizni bilmoqchi edik?
– Hozir dunyoda juda katta resurslarga egalik qilish, tabiiy zaxiralari ko‘pligi bilan taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Intellektual resurslar ya’ni yuqori bilim va malakaga ega kadrlar davlat taraqqiyotini belgilovchi asosiy omilga aylangan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham, ayniqsa, yuqori davlat hokimiyatida ta’limga iqtisodiy taraqqiyot lokomotivi sifatida qarash shakllanib bormoqda, shuning o‘zi juda katta o‘zgarish, olg‘a siljish. Islohotlar birinchi insonlar ongida amalga oshirilishi kerak shundagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. O‘zbekiston o‘z tarixida ikkita buyuk ilm-fan taraqqiyot davrini o‘tkazgan, demakki, yetuk kadrlar tayyorlash uchun asoslar yetarli. O‘ylashimcha, O‘zbekiston ta’lim integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini ortga chekinmay davom ettirishi, tezroq Boloniya jarayoni(Yevropa mamlakatlari orasida oliy ta’limni uyg‘unlashtirish jarayoni)ga qo‘shilishi lozim. Hozirda ta’lim tizimi bosqichlarining uzluksizligini ta’minlash, bu bosqichlarda takrorlanishlarni kamaytirib, oliy ta’limda tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish muhim masala bo‘lib qolmoqda. Umuman olganda, O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash masalasidagi islohotlar o‘z mevasini yaqin yillarda berishi shubhasiz.
– Tajriba kerak, ammo xorijiy tajriba yanada zarur. Ta’lim tizimiga jahonning ilg‘or standartlari, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish borasida bugungi loyihalar haqida fikringiz qanday?
– Ha, bugun jahonda ta’lim berish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha innovatsiyalar ancha ilgarilab ketdi. Bu yo‘lda O‘zbekistonda qulay imkoniyatlar bor. Birinchidan, hozirgi tizimga kelgunga qadar xorijiy davlatlarda turli eksperimentlar, tadqiqotlar amalga oshirilgan va bunga ko‘p vaqtlar sarf etilgan va hozirgi tizim asta-sekin shakllangan, O‘zbekistonda ushbu bosqichlarni bosib o‘tmasdan turib, tayyor tajribani o‘zlashtirish imkoniyati mavjud. Mana o‘z faoliyatini boshlagan bizning Toshkent Xalqaro Ta’lim universitetimiz ham ilg‘or xorijiy tajribalarni O‘zbekiston ta’lim tizimiga olib kiradi. O‘zbekistonda ta’lim menejmenti sohasida tan olish kerak, ozgina kamchiliklar bor, ta’lim jarayonlari elektronlashtirilmagan. Lekin, bu bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan, elektron dekanat, elektron kutubxona tizimlarini bunga misol qilib keltirish mumkin.
Bundan tashqari xorijiy tajribani o‘zlashtirishda so‘nggi yillarda yetuk xorijiy oliy ta’lim muassasalari yoki ularning filiallari, xususiy xorijiy oliy ta’lim kompaniyalari kirib kelishining ahamiyati ham katta.
– Hamma davlatlar tajribasi ham bizga to‘g‘ri kelavermaydi. Tarozining pallasini og‘dirmaslik, to‘g‘ri foydalanish choralari qanday bo‘ladi?
– Albatta, xorij tajribasi haqida aytganimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish haqida so‘z yuritmadim. Xorijiy tajribani o‘zlashtirish jarayonida milliy ruhiyat, ta’lim oluvchilarning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi juda muhim. Shu bois milliy ta’lim tizimining eng yaxshi jihatlari va xorijiy tajribaning eng muhim tomonlarini omuxta qilgan holda qo‘llash biz kutgan samarani bera oladi.
– «Tashkent International University of Education» xalqaro universiteti O‘zbekiston uchun, aholi uchun qanday imkoniyatlarni beradi?
– Ushbu xalqaro universitet tashkil etilishidan eng asosiy maqsad, o‘sib kelayotgan yosh avlodning porloq kelajagi uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochgan holda, yuqori malakali pedagoglar tarkibi yordamida sifatli ta’lim berish va shu bilan birga aholining deyarli barchasi uchun ommabop narxlarni taklif etgan holda, xalqaro toifadagi diplomni qo‘lga kiritishlarida ko‘makdosh bo‘lishdir. Universitetimizda tahsil olgan har bir talaba, kelajakda o‘zi uchun juda katta imkoniyatlarni qo‘lga kiritadi, jumladan chet eldagi hamkor universitetlarimizda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida ta’limni davom ettirishi, o‘z sohasi bo‘yicha yurtimizdagi yoki chet eldagi yirik tashkilotlarda ish faoliyatini amalga oshirib, vatanimiz ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘sha oladi. Bitiruvchilar respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida STEAM (Science – fan, Technology – texnologiya, Engineering – injenerlik, Arts – san’at, Math – matematika) fanlarini bemalol ingliz tilida o‘ta oladi.
– Bunga yosh avlod qanchalik tayyor?
– Hozirgi yosh avlod bizdan ancha kuchli, iqtidorli va tez o‘rgana olish qobiliyatiga ega. Shu boisdan biz amalda qo‘llashni rejalashtirayotgan innovatsion g‘oyalar va yangi rejalar yoshlarimizga nafaqat qiziq bo‘ladi, balki hozirgi tezkor davrda talablariga mos ravishda juda kerakli va foydali bo‘ladi, o‘zining porloq kelajagi uchun yo‘l ochadi.
– Pedagoglarni tayyorlash uchun ularga dars beradigan mutaxassislarga ham talab ortadi. Xo‘sh, mutaxassislar qay tartibda jalb etiladi?
– Hozirgi davr talablaridan kelib chiqqan holda, kun sayin yuqori malakali mutaxassislarga ham talab ortib bormoqda. Universitetimizning yana bir o‘z oldiga qo‘ygan vazifalaridan biri, o‘sib kelayotgan yosh avlodga va o‘z faoliyatini endigina boshlagan yosh o‘qituvchilarga jahon standartlariga javob beradigan sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratib berishdir. O‘z ustida doimiy ravishda ishlaydigan, fan nomzodlari, doktorlik darajasini yoqlagan, jahonning turli davlatlarida amaliyot o‘tab, ish tajribasini kuchaytirgan chet ellik va mahalliy pedagoglar bu maqsadimizni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shadi.
– Mazkur universitetga juda katta ishonch bildirilmoqda. Shu ma’noda o‘quv tizimida qanday istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi?
– TIUE – yurtimiz xalq xo‘jaligining istiqbolli sohalariga yuqori malakali kadrlarni tayyorlab berish maqsadida tashkil etilgan.
Toshkent xalqaro ta’lim universiteti xalqaro tan olingan QS, THE, ARWU tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan OTMlar reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kiritilgan oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, TIUE tomonidan “Informatsion texnologiyalar” yo‘nalishi bo‘yicha jahonning TOP-600 talikka va yosh universitetlarning TOP-150 taligiga kiruvchi Buyuk Britaniya oliygohlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ushbu yo‘nalishga qabul qilingan talabalar Buyuk Britaniya OTMlari diplomiga ega bo‘lishlari mumkin.
Shuningdek, “Biznes boshqaruvi” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingan talabalar agar xohlasa o‘qishlarini 4 ta davlatda: Shveysariya, Ispaniya, Italiya yoki O‘zbekistonda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘quv jarayonlari Shveysariya sifat talablari asosida tashkil etiladi.
“Pedagogika” yo‘nalishi bo‘yicha jahonning TOP-60 ta universiteti qatoriga kiruvchi Avstraliya va TOP-1000 taligiga kiruvchi Buyuk Britaniya OTMlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Universitet joriy yil aprelda “Business studies” (Biznes asoslari) va “Informational technology” (Axborot texnologiyalari) yo‘nalishlarida Xalqaro umumta’lim Dasturi – "International Foundation Program" bo‘yicha ta’limni boshlashni rejalashtirgan.
Ushbu dastur O‘zbekiston yoki chet eldagi xalqaro universitetlarda ta’lim olishni rejalashtirayotgan talabalar uchun eng maqbul yechim bo‘lib, uni muvaffaqiyatli yakunlaganlar universitetimizda yoki dunyoning 45 davlatidagi xalqaro universitetlar bakalavriatining 2-bosqichiga qabul qilinishlari mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda, davlat-xususiy sheriklik modeli asosida o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshirish maqsadida Center for Excellence deb nomlangan kurslarni, keyinchalik Markazni tashkil qilmoqchimiz.
Universitetimiz faoliyatining yo‘nalishlaridan biri kelajakda turli mutaxassisliklar bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi. Chunki, bugun dunyoda turli yangi mutaxassisliklar va sohalar paydo bo‘lmoqda, shuningdek, ayrim mutaxassisliklar o‘z ahamiyatini yo‘qotib borayapti. Bunda mehnat resurslarini tezda qayta tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, gibrid onlayn-oflayn ta’lim shaklini boshlashni rejalayapmiz. Kelgusida hududlarda filiallarni ochish, o‘qituvchilarni tayyorlash uchun qisqa muddatli kurslarni yo‘lga qo‘yish bilan birga, o‘qituvchilarning boshqa mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash kurslari orqali ishlarni rivojlantirish niyatidamiz. Yangi fakultetlar va Markaziy Osiyo bo‘ylab filiallar faoliyat boshlashi uchun ishlar tashkil qilinyapti.
Niyatimiz, yuqori natijalarga erishishimizning sababchisi bo‘ladigan yuqori malakali pedagoglarni doimiy ravishda qo‘llab quvvatlash va malaka oshirish imkoniyatini yaratib berishdir. O‘qituvchilar orasida, fan nomzodlari, doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan, amaliy va nazariy bilimlardan mukammal ish tajribasiga ega mahalliy va xorijiy pedagoglar bor. Talabalarimiz uchun ham o‘z o‘rnida ommabop va sifatli ta’limni taklif etamiz. Oliy o‘quv yurtimizni yakunlagan talabalar uchun porloq kelajaklari uchun keng yo‘l ochiladi. Ular hozirgi kunda eng yuqori talabga ega axborot texnologiyalari, pedagogika va biznes asoslari bo‘yicha yetuk mutaxassislar bo‘lib chiqadi, deb umid qilamiz. Yurtimizning kelajagiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan, nafaqat vatanimizda, balki chet davlatlarda ham obro‘imizni yuqori cho‘qqilarga ko‘taradigan yetuk kadrlarni tayyorlab berish biz uchun eng katta muvaffaqiyat bo‘ladi.
– Yosh avlod kelajagi uchun boshlangan amaliy ish, yangi rejalaringizda muvaffaqiyat tilaymiz.
Barno Meliqulova,
O‘zA muxbiri