Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent viloyatning 2025 yil byudjeti tasdiqlandi

Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, tegishli boshqarma va tashkilot mutasaddilari, OAV vakillari ishtirok etdi. Kun tartibiga ko‘ra, sessiyada deputatlar tomonidan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastlab, Toshkent viloyati mahalliy byudjetining 2024-yil III chorakdagi ijrosi to‘g‘risida viloyat Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i F.Xudoyberdiyev axborot berdi. Xususan, mazkur davrda mahalliy byudjet daromadlari rejasi 1 trillion 258 milliard 100 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, amalda belgilangan rejaga nisbatan 107,0 foizga bajarilgan. Joriy yil viloyat mahalliy byudjeti jami xarajatlar rejasi 2 trillion 265 milliard 500 million so‘mni tashkil etib, amalda sarflanishi kamroq bo‘lgan.

Sessiya ishida Toshkent viloyatining 2025 yilgi mahalliy byudjeti muhokama qilindi. Qayd etilganidek, yakunlanib borayotgan 2024 yil hududda mahalliy byudjet ijrosi, shuningdek, kelgusi yilda kutilayotgan o‘zgarish va natijalar haqida axborot berildi. Sohalar kesimida amalga oshiriladigan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Muhokamada mahalliy byudjetda ko‘zda tutilgan daromad va xarajatlar, ularning adolatli taqsimlanishi, endilikda mahalliy kengashlarning bu borada e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan vazifalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Sessiyada 2025 yil byudjeti to‘g‘risidagi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining qarori ovozga qo‘yildi va tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Toshkent viloyati mahalliy byudjetining 2025 yilgi daromadlari 7 trillion 86 milliard 895 million so‘m, xarajatlari 7 trillion 86 milliard 895 million so‘m etib belgilangani qayd etildi.

Bundan tashqari, deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar chiqariladigan bo‘ldi. 

A.Musayev,O‘zA