Toshkent viloyatidagi 77 ta maktabda dars boshlandi
Toshkent viloyati hokimligi anomal ob-havo sharoitida umumta’lim maktablarida ta’limni tashkil etish yuzasidan bayonot berdi.
Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan, Toshkent viloyatidagi barcha hududlarda hokim, maktab direktori va mahalla raislari bilan maktablardagi issiqlik ta’minoti holati o‘rganildi, telefon orqali ularning fikrlari olindi. O‘rganish ishlari kecha 23:00 da tugallandi. Quyidagi yakuniy xulosaga kelindi: xususan, joriy yil 11 yanvardan viloyat bo‘yicha 77 ta maktabda dars bo‘ladi.

Ushbu maktablarning o‘quvchilari darslar boshlanishi haqida ota-onalar kengashi orqali xabardor qilingan. Boshqa umumta’lim maktablarida o‘qishlar, mavjud sharoitlarni inobatga olgan holda, 12 yanvardan bosqichma - bosqich boshlanadi. Bugun soat 14:00 da ertadan boshlab dars boshlanadigan boshqa maktablar ro‘yxati e’lon qilinadi.

Shu vaziyatni alohida e’tiborga olib, Ohangaron shahar hokimi Akrom Eshonkulov shahardagi barcha maktablar issiqxonalarini o‘rgandi. Birinchi galda ta’lim muassasalarining issiqlik tizimi o‘rganildi. O‘qituvchilar bilan suhbatda mavjud muammolarni bartaraf qilish, zarur sharoit yaratish bo‘yicha kelishib olindi.

Qibray tumani hokimi M.Mirkasimov tuman IIB va FV bo‘limi boshliqlari bilan birgalikda umumta’lim maktablarida qishning sovuq kunlariga va o‘quv jarayonlariga ko‘rilgan tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar tomonidan birinchi galda maktablar hududini qordan tozalash, issiqlik tizimi va ish faoliyatini olib borayotgan pedagog-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va topshiriqlar ijrosi o‘rganildi. Umuman olganda, bu kabi o‘rganishlar boshqa hududlarda ham davom etyapti.
A.Musayev,
O‘zA.