Toshkent viloyatida xorijdan olib kelingan sintetik narkotik moddalar olindi
Toshkent shahrida yashovchi, 1993 y.t., muqaddam sudlangan, hozirda probatsiya hisobida turgan shaxs va uning 1995 y.t. sherigi Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan dala maydonidagi xufiya joydan 2 kg 381 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu sintetik narkotik modda “Telegram” messenjeridagi internet narkodo‘kon a’zolari tomonidan Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga olib kelingan.
Boshqa holatda esa Yangiyo‘l shahrida faoliyat yurituvchi tijorat banklaridan birining 2 nafar mutaxassisi muqaddam narkokur’erlar Yangiyo‘l tumanidagi dala maydoniga yashirib ketgan 485 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olib, o‘zlarining 1998 y.t. tanishini xonadonida saqlayotganliklari aniqlandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ulardan ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, agarda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.