Toshkent viloyatida “Tezkor shtab” tuzildi
Mamlakatimiz hududiga sovuq ob-havo oqimi kirib kelishi munosabati bilan har qanday ehtimoliy talafotlarning oldini olish maqsadida Toshkent viloyati hokimligida "Tezkor shtab" tuzildi.
Unga ko‘ra, mutassaddilar hududlarda bir qancha yo‘nalishlarda o‘rganishlar olib bormoqda. Navbatdagi o‘rganishlarda joylardagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilib, ayrimlarini hal etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. Jumladan, Olmaliq shahri Ramazanova ko‘chasidagi markaziy ichimlik suv quvurida nosozlik yuzaga kelgani oqibatida 856 ta aholi xonadoni suv ta’minotisiz qolgani kuzatildi. Ushbu masala tegishli mutasaddilar tomonidan nazoratga olinib, nosozlik bartaraf etilgunga qadar M. Ulug‘bek, A.Navoiy, M. Behbudiy nomli, ''Mustaqillik'', ''Birdamlik'', "Kamalak", "Koinot", "Yulduz", "Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga maxsus texnikalar yordamida ichimlik suv yetkazib turildi.
Ishchi guruh o‘rganishlari davomida Parkent, Zangiota, Ohangaron, Piskent, Toshkent, O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yangiyo‘l tumani hamda Yangiyo‘l shahrida ayrim aholi xonadonlarida ko‘mirga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi. Shu kunning o‘zida mazkur hududlar aholisi uchun 144 tonna ko‘mir yetkazildi. Bundan tashqari, jamoat transportiga yoqilg‘i mahsulotlari yetarliligi, ularni uzluksiz yoqilg‘i-moylash ashyolari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar yuzasidan har bir tuman-shaharlarda jamoat transportlariga xizmat ko‘rsatish uchun 46 ta gaz quyish shoxobchasi ajratilib, kelishilgan grafik asosida jamoat transportlari va muhim davlat korxonalariga xizmat ko‘rsatilishi nazoratga olingan.
Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Qibray, Toshkent, Zangiota, Bo‘ka, Bo‘stonliq, O‘rta Chirchiq tumani va Angren shahrining ayrim hududlaridagi gaz ta’minotida kuzatilgan muammolarni va bu boradagi aholi murojaatlarini ijobiy hal qilish maqsadida jami 1300 ta suyultirilgan gaz balloni aholiga tarqatilgan. Shuningdek, Qibray tumani “Parvoz” mahallasidagi "Ahillik" ko‘chasining ta’mirtalabligi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelgan.
Mazkur muammoli masala ishchi guruh tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida suv quvurlarini yotqizish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. O‘rganishlar davom etmoqda.
A. Musayev,
O‘zA.