Toshkent viloyatida narkolaboratoriya aniqlandi
Huquq-tartibot idoralari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2 nafar shaxs ushlanib, ularning yonidan 500 dona kuchli tasir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ular dorilarni tarqatish bilan shug‘ullanishgan.
Keyinroq, ularga aloqador bo‘lgan yana bir tarqatuvchi qo‘lga olinib, uning yonidan ham 500 dona kuchli tasir qiluvchi dorilar topildi.
Shundan so‘ng ushbu dorilarning manbasini aniqlash maqsadida tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida 3 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda narkolaboratoriya tashkil etilganligi ma’lum bo‘ldi va 9 kg “Pregabalin”, 500 gr “Tropikamid”, 600 dona “Pregabalin” kuchli tasir qiluvchi dori vositalari hamda qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 2511-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.