Toshkent viloyatida “Media haftalik” boshlandi
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi va Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida “Media haftalik” loyihasiga start berildi.
Ochilish marosimida tashkilotchilar tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi forum Toshkent viloyati media xodimlari tajribasini oshirish uchun samarali bo‘lishi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bugungi kunda axborot oqimi mislsiz darajada tezlashib, global media makonida raqobat tobora kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda jamiyatga tezkor, xolis va ishonchli axborot yetkazish jurnalistlar, blogerlar hamda matbuot xizmatlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Shu bois media sohasi vakillarining kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda yangi media tendensiyalarini chuqur o‘zlashtirishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, raqamli platformalar, sun’iy intellekt vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri ortib borayotgan bugungi davrda sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan yuqori professionallik va doimiy o‘z ustida ishlash talab etilmoqda.

Ana shunday ehtiyojlardan kelib chiqqan holda tashkil etilgan navbatdagi “Media haftalik” media sohasi xodimlari uchun muhim o‘quv va muloqot maydoni vazifasini bajaryapti. Ushbu platforma doirasida ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, axborot xavfsizligi, kontent yaratish, faktcheking va raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha bilimlarini boyitish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, tadbir soha vakillari o‘rtasida tajriba almashish, muvaffaqiyatli amaliyotlarni o‘rganish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda innovatsion g‘oyalarni ilgari surish uchun qulay muhit yaratadi. Bu esa mamlakatimizda media sohasining yanada rivojlanishi, axborot sifatining oshishi va jamoatchilik bilan samarali muloqotni ta’minlashga xizmat qiladi.
– Mazkur haftalikning birinchi kuni o‘quv mashg‘ulotlari doirasida axborot xizmatlari faoliyatiga oid ko‘plab bilimlarni oldim, –deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari Elbek Shoyimqudov. – Har bir mashg‘ulot qiziqarli tarzda tashkil qilingan. Ayniqsa, ijtimoiy mas’uliyat, kasb etikasi va media qonunchiligi, axborotni tekshirish va faktcheking instrumentlari kabi mavzular juda qiziqarli bo‘ldi. Buning uchun bizga biriktirilgan mutaxassislarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Haftalik yakuniga qadar ishtirokchilar tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar kelgusida mamlakatimizda ochiqlik, xolislik va professionallik tamoyillariga tayangan zamonaviy media muhitini shakllantirish hamda rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi. Shuningdek, tadbir davomida orttirilgan tajriba va o‘zaro muloqotlar jurnalistlar, blogerlar hamda matbuot xizmati vakillari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Media haftalik 25-iyunga qadar davom etadi.
A.Musayev, O‘zA