O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya Singapurga tashrif buyurdi.
Delegatsiyamiz vakillari Singapore Cooperation Enterprise, Sembcorp Industries va Wilmar International kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar, chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Suhbat davomida mamlakatimizning maxsus iqtisodiy zonalarida samaradorlikni oshirish dasturini ishlab chiqish, bunda “yagona oyna” mexanizmi, zamonaviy infratuzilmani joriy etish, shuningdek, strategik investitsiyalarni yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Buning uchun qo‘shma ekspertlar guruhi shakllantiriladi.

Muhim kelishuvlardan yana biri – Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 1 800 ish o‘rni yaratish imkonini beruvchi agro-sanoat loyihasini amalga oshirish bo‘yicha choralar belgilandi.

Umuman olganda, tashrif Singapur tomonining uzoq muddatli hamkorlikka qiziqishini namoyon etdi hamda investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochib berdi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA