FOTOREPORTAJ
Keyingi yillarda qulupnaychilik Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligining drayver sohalaridan biriga aylangan. Bu mahsulotni nafaqat tomorqa yerlarida, balki yirik issiqxonalarda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yetishtirish ommalashayotir. Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar yetishtirilayotgan qulupnayni jahon bozoriga eksport qilishni faol yo‘lga qo‘ygani ham rost.
O‘rta Chirchiq tumanilik tadbirkor Ibratilla Rihsitillayev ham “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘inida 800 ming AQSH dollari evaziga xorij texnologiyasi asosida 1 gektar 20 sotix maydonda zamonaviy issiqxona barpo qildi. “Agro servis orzu” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxona issiqxonasida barcha yumushlar raqamlashtirilgan texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Bu yerda 50 ta ish o‘rni yaratildi.
Qulupnayning AQSHdan olib kelingan “Albion”, “Kabrillo”, “Monterey” navlari yil davomida 360 kun hosil beradi. Issiqxonadan kuniga 1,5 tonnagacha qulupnay yetishtirish mumkin.
Hozirda qulupnaylarni Saudiya Arabistoni, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
[gallery-22969]
Kelgusida O‘rta Chirchiq tumanida bu kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yanada ommalashtiriladi. Bu orqali aholi bandligi va daromadi oshirish ko‘zda tutilgan.
Asliddin ALIJONOV (surat), O‘zA