Toshkent viloyati: yashil bog‘lar maydoni kengaymoqda
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent viloyatida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil hududlarda 10 million 105 ming tup mevali, manzarali daraxt, buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 7 million 420 ming 120 tup mevali, manzarali daraxt, buta ko‘chatlari ekildi. Xususan, ko‘chatlar parvarishida agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya etish, sug‘orish ishlarini tizimli amalga oshirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Shuningdek, ko‘chat ekish ishlarini tashkil etishda hududlarning iqlim va tuproq sharoiti, sug‘orish tizimlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda ko‘chat yetkazib berish va narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘chat yarmarkalari, joylarda savdo nuqtalari tashkil etildi. Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 2022 yilda 64 gektardan ziyod yer maydonlarida “Yashil bog‘lar” barpo etish belgilangan edi. Amalda 65,8 gektar maydonda 40 ming tupga yaqin manzarali daraxtlar ekilgan. Joriy yilda esa Ohangaron, Olmaliq, Angren, Nurafshon, Yangiyo‘l shaharlari hamda Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘stonliq, Piskent, Toshkent tumanlarida 16 ming tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi hisobiga “Yashil bog‘lar” tashkil etilmoqda. O‘z navbatida 50 gektardan ziyod yer maydonlarida “Yashil jamoat parklari” loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur hududlarni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbaalari, homiylik va grant mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbaalar hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
A.Musayev, O‘zA