Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Olmaliq davlat texnika institutida “Suvni birgalikda asraymiz” loyihasi doirasida talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Tashkiliy-kadrlar va boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Rahmatov Muhammad Yusuf Ali Mamadali o‘g‘li ishtirok etib, yoshlar bilan muloqot qildi. Suhbatda suvning bebaho tabiiy boylik ekani, undan mas’uliyat bilan foydalanish, suv resurslarini asrash va ularning kelajak avlod uchun barqarorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, suvni isrof qilmaslik, kundalik hayotda undan tejamkor foydalanish, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik va tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish masalalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
***
Angren shahridagi 4-sonli texnikumning yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Kasbiy ta’lim agentligi vakillari, xorijiy hamkorlar, soha mutaxassislari, pedagoglar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun texnikumlar nafaqat nazariy bilim, balki yoshlarni kasbga va mehnat bozori talablariga mos amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassis sifatida tayyorlashi muhim. Yangi bino 855 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda faollar va sport zallari, 100 o‘rinli o‘quvchilar turar joyi, 150 o‘rinli oshxona, shuningdek, zamonaviy o‘quv ustaxonalari mavjud.

Majmua “TATNEFT” kompaniyasining qariyb 50 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan ta’mirlanib, zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Texnikum o‘quv ustaxonalari tokarlik dastgohlari, elektr va gaz payvandlash, chilangarlik uskunalari hamda kimyo laboratoriyasi bilan ta’minlangan. Yangi ta’lim maskanida yaratilgan sharoitlar yoshlarga tanlagan kasbi bo‘yicha nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.
***

Parkent tumani Sumcha qishlog‘ida mahalliy turizmni rivojlantirish maqsadida 20 o‘rinli oilaviy mehmon uyi hamda “Qadriyatlar muzeyi” tashkil etildi.
Muzeyda xalqimizning milliy urf-odat va an’analari, sovchilikdan tortib beshik marosimigacha bo‘lgan jarayonlar, qishloq hayoti, milliy kiyimlar, hunarmandchilik va qo‘l mehnati namunalari namoyish etilgan. Yangi maskan sayyohlarga o‘zbek xalqining boy milliy merosi va turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini berishi bilan ahamiyatli.
A.Musayev,O‘zA