Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati IIBB Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Unda 16 nafar ekspert ishtirok etib, kasbiy bilim va amaliy mahoratini namoyish etdi.
Uch bosqichda o‘tkazilgan tanlovda ishtirokchilar qurollarni qismlarga ajratish va qayta yig‘ish, sohaviy bilimlar bo‘yicha test hamda og‘zaki savol-javob sinovlaridan o‘tdi. Yakunlarga ko‘ra, 3-o‘rin leytenant Nizomiddin Zaynobiddinovga, 2-o‘rin katta leytenant Sardor Akromovga nasib etdi. 1-o‘rinni Toshkent viloyati IIBB Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti, mayor Hamid Rahimboyev egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
***
Prezidentimiz raisligida joriy yil 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov Kavardon mahallasida bo‘ldi.

“Mahalla yettiligi” ishtirokida hududda aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish hamda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish borasida belgilangan vazifalar muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Shuningdek, “mahalla yettiligi”ning faoliyati ko‘rib chiqilib, aholi bilan manzilli ishlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga amaliy yechim topish zarurligi ta’kidlandi.
Tuman hokimi xonadonlarda bo‘lib, ularning muammo va takliflari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi. Bunday ochiq va manzilli muloqotlar aholi farovonligini oshirish, har bir oilaning muammosini o‘rganish hamda mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
***
Toshkent viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Bo‘ka tumanida yangidan barpo etilayotgan istirohat bog‘i qurilishi ob’ektida navbatdagi o‘rganish ishlari olib borildi.

Jarayonda mazkur ob’ektning poydevor qismi tasdiqlangan loyiha hujjatlariga asosan bajarilmayotgani hamda beton quyish ishlari davomida belgilangan texnik talablar bo‘yicha izolyatsiya qilinmagani aniqlandi. Barcha qoidabuzarliklar va shaharsozlik normalariga zid harakatlar yuzasidan inspeksiya inspektorlari tomonidan qat’iy chora ko‘rilib, sifatsiz bajarilgan qismlarni bartaraf etish va qayta qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Inspeksiya tomonidan viloyat miqyosida barcha qurilish-montaj ishlarining sifati va loyihaga so‘zsiz rioya etilishi yuzasidan nazorat tadbirlari qat’iy davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA