Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va kasalliklarning oldini olish maqsadida “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbiriga start berildi.
Nurafshon shahrida shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda ikki mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Marafon doirasida mototsiklchilar va velosportchilar ishtirokida chiqishlar bilan boshlangan ommaviy tadbirda “Assalom tong” badantarbiya va nafas mashqlari, shuningdek, “5000 qadam” ommaviy yurishi tashkil etildi. Ishtirokchilar uchun “Sog‘lom ovqatlanish asoslari” mavzusida ko‘rgazma ham tashkil qilinib, sog‘lom ovqatlanish va to‘g‘ri hayot tarzi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Marafon doirasida tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlari, profilaktik tadbirlar hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etiladi.
***

Toshkent viloyatida paxta terimi mavsumi oldidan muhim vazifalar belgilandi. Bo‘ka tumanida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari X.Qoraboyev va mas’ullar tomonidan 2026-yil paxta hosilini uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida paxta maydonlarining terimga tayyorligi, terim jarayoniga jalb etiladigan ishchi kuchi, paxta terish mashinalari va transport vositalari bilan ta’minlanganlik holati, shuningdek, yetishtirilgan paxta xomashyosini o‘z vaqtida qabul qilish va tashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, terimchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish, paxta qabul qilish maskanlarining mavsumga tayyorgarligini ta’minlash hamda hosilni nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, joylarda paxta terimi mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish, hosilni to‘liq va sifatli yig‘ib olish, terim jarayonida yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Bekobod tumani “Bog‘ishamol” MFY hududida 104 gektar maydonni qamrab olgan “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda. Loyihadan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, savdo va biznes markazlari, mehmonxona, yashil hududlar hamda zamonaviy yo‘l infratuzilmasini tashkil etish o‘rin olgan.

Mazkur hududda zamonaviy “smart shaharcha” barpo etish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlandi. Janubiy Koreyalik investor bilan Bekobod tumani hokimi birinchi o‘rinbosari F.Kamolov o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Hamkorlik doirasida ilg‘or texnologiyalar, “aqlli” infratuzilma, zamonaviy boshqaruv tizimlari va aholi uchun qulay xizmatlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Yangi majmua Bekobodda zamonaviy shaharsozlik va inson uchun qulay yashash muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim loyihalardan biri bo‘ladi.
A.Musayev,O‘zA