Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Raqamli tahdidlar tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda joriy yilning 7 oyida Toshkent viloyatida 4 mingga yaqin kiberjinoyat qayd etilib, 50 mlrd.so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Bu esa sohada yangi yondashuvlar va ta’sirchan profilaktik mexanizmlarni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan viloyat prokurori A.Mirzayev, “Cyber University” davlat universiteti rektori Sh.Kayumov va viloyat IIBB boshlig‘i A.Abdurazzoqov ishtirokida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda bilim, amaliyot va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirishga qaratilgan uch tomonlama Memorandum imzolandi. Uning doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha salohiyatini oshirish, universitet talabalarining esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi nazarda tutilgan.

***
Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Yangiyo‘l shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan “Yangihayot” MFY hududida joylashgan xonadon o‘rganildi.

Natijada ushbu uy egasi xonadon hovlisidagi issiq xona (parnik) ichida jami bo‘lib 22 tup tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklarni parvarishlab, yetishtirib kelayotgani aniqlandi va xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olingan. Holat yuzasidan shahar IIB tomonidan 53 yoshli fuqaro B.M. ga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Ohangaron tumanining olis tog‘li hududlaridan biri — “Go‘shsoy” mahallasidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirlanib, qaytadan foydalanishga topshirildi. 1,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, muassasa binosi va ichki xonalari zamonaviy talablar asosida yangilandi. Endi bu maskanda bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishi, dam olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yanada qulay sharoitlar mavjud.

Ayniqsa, Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mazkur muassasaning foydalanishga topshirilishi go‘shsoyliklar uchun chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi. Chunki yurt taraqqiyoti nafaqat shaharlarda, balki olis tog‘lar bag‘ridagi har bir mahallada, har bir ta’lim maskanida namoyon bo‘lmoqda.
A.Musayev,O‘zA