Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimizning 2025-yil 26-maydagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Toshkent viloyatida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, viloyat Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi Bolalar musiqa va san’at maktablarida tahsil olayotgan 70 nafar iqtidorli o‘quvchi Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi hamda Kasaba uyushmalari viloyat kengashi ko‘magida Angren shahrida joylashgan “Istiqbol” bolalar oromgohiga yuborildi.

Yosh iste’dodlar 12 kun davomida Angrenning musaffo tabiati qo‘ynida mazmunli hordiq chiqarish bilan birga, musiqa, tasviriy san’at va ijod yo‘nalishlarida o‘z bilim hamda mahoratini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maxsus dastur doirasida tajribali ustozlar va malakali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Mazkur loyiha yoshlarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy salohiyatini rivojlantirish va san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
***
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan viloyat qon quyish markazi hamkorligida “Men donorman” qon topshirish xayriya aksiyasi tashkil etildi.

“Ezgulik, albatta, qaytadi” shiori ostida tashkil etilgan mazkur aksiya yoshlar o‘rtasida insonparvarlik, ijtimoiy mas’uliyat va o‘zaro yordam tuyg‘ularini mustahkamlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlarning qon va uning tarkibiy qismlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi. Aksiyada hududdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 60 nafar ishchi-xodimlar ixtiyoriy ravishda qatnashib, inson hayotini saqlab qolishdek ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning sog‘ligi mutaxassis shifokorlar tomonidan tekshirildi. Tibbiy talablarga javob bergan donorlardan belgilangan tartibda qon olindi.
***
O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan Zangiota tumanidagi S. Rahimov – O‘rtaovul stansiyalari oralig‘ida barpo etilayotgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurilishida mehnat qilayotgan temiryo‘lchilar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tuman Madaniyat saroyida yozilgan bayram dasturxoni atrofida quruvchilar va temiryo‘l sohasi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Zangiota tumani hokimi Erkin Rustamov so‘zga chiqib, temir yo‘l tizimida hamda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda munosib hissa qo‘shayotgan barcha xodimlarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. Ularning mashaqqatli mehnati, mas’uliyati va bunyodkorlikdagi xizmatlari yuksak qadrlanishini alohida ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, O‘rtaovul stansiyalari oralig‘ida bunyod etilayotgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich nafaqat transport qatnovini yanada qulaylashtirish, balki harakat xavfsizligini ta’minlash va hudud infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur bunyodkorlik ishlarida temiryo‘lchilarning mas’uliyatli va mashaqqatli mehnati alohida o‘rin tutmoqda.
Tadbir davomida Toshkent viloyatining taniqli san’atkorlari va xonandalari tomonidan Vatanga muhabbat, bunyodkorlik va mehnatni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Musiqiy dastur esa bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
A.Musayev,O‘zA