Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Navoiy” chegara bojxona postida yo‘lovchilar o‘rtasida profilaktik targ‘ibot ishlari kuchaytirildi
Tadbirlar davomida yo‘lovchilarga bojxona qonunchiligi talablari tushuntirilib, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni chegaradan olib o‘tish taqiqlanishi haqida ma’lumotlar yetkazilmoqda.
Alohida e’tibor kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan ozdiruvchi vositalar hamda qahva mahsulotlariga qaratilib, ularning tarkibida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan muomalasi cheklangan moddalar mavjud bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha ogohlantirilmoqda. Fuqarolarga bunday mahsulotlarni noqonuniy ravishda olib kirish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatilmoqda.

***
Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, respublika bo‘yicha 8 ming nafardan ortiq yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan fidoyilarning farzandlari uchun omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘tkazib berilishi belgilangan.
Ana shu ezgu tashabbus doirasida Toshkent viloyatidagi oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarga ham maxsus vaucherlar topshirildi. Muloqotlar davomida bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashilib, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatildi.


***
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida eksportbop meva-sabzavotlar yetishtirish davr talabiga aylangan. Bunga asosiy sabab, mamlakatimizda yetishtirilayotgan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va Yevropa davlatlarida talab juda yuqori bo‘lib kelayotganidir. Hozir birgina Parkent tumanidan ham gilos, o‘rik, piyoz va boshqa turdagi meva-sabzavotlarni yuqoridagi xorijiy davlatlarga eksport qilish izchil yo‘lga qo‘yilgan.


Hozirgi vaqtda tumandan har kuni 200-300 tonnagacha bo‘lgan hajmdagi sarxil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chet el bozorlariga yo‘naltirilmoqda. Eksport hajmini yanada oshirish, tadbirkor va dehqonlarga qulayliklar yaratish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hududiy bo‘limi inspektorlari 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yuritib kelmoqda.
A. Musayev, O‘zA