Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida Nurafshon shahrida fuqarolar murojaatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan sayyor qabul tashkil etildi.
Unda viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, tuman va shahar hokimliklari mutasaddilari hamda 200 nafarga yaqin fuqarolar yuzma-yuz va onlayn platforma orqali masofadan qatnashdi. Salkam to‘rt soat davom etgan ochiq muloqot jarayonida fuqarolarning bandlik, uy-joy, kommunal xizmatlar, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Qabul davomida qator murojaatlar joyida hal etilib, ayrim masalalar bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar yuzasidan esa mutasaddi rahbarlarga aniq muddat va vazifalar qo‘yildi.
***
“Soliqni to‘la – kelajakka hissa qo‘sh” shiori ostida Cyber University davlat oliygohida Toshkent viloyati soliq boshqarmasi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot va uchrashuv tashkil etildi.

Unda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Tursunboyev yoshlar bilan zamonaviy soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt texnologiyalari va davlat xizmatining kelajagi haqida atroflicha fikr almashdi. Shuningdek, bugungi kunda soliq sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlardan nafaqat yuqori bilim va malaka, balki zamonaviy IT ko‘nikmalari, tahliliy fikrlash va tadbirkorlar bilan samarali muloqot olib borish qobiliyati talab etilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda so‘z olganlar tomonidan, soliq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirishda yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor va bilimli yoshlarning o‘rni beqiyos ekani alohida qayd etildi. Interaktiv muloqot jarayonida talabalar tomonidan kasbiy tanlov, halollik, davlat xizmatidagi imkoniyatlar hamda sun’iy intellektning kelajakdagi o‘rni haqida qiziqarli fikr va savollar bildirildi.
***
Bekobod tumanida 2026-yil g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik ishlari ko‘zdan kechirildi. Joriy yil 9 oy mobaynida mashaqqat va katta mehnat evaziga yetishtirilgan g‘alla hosilini o‘rib-yig‘ib olish mavsumi yaqinlashmoqda. Shu bois qishloq xo‘jaligida eng muhim bosqichlardan biri bo‘lgan ushbu jarayonni uyushqoqlik bilan tashkil etish masalasi alohida e’tiborga olindi.


Seminar davomida mavsumni qisqa muddatlarda va sifatli yakunlash, hosilni behuda yo‘qotishlarning oldini olish hamda ish jarayonini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, g‘alla o‘rimiga jalb etiladigan texnikalar tayyorgarligi, otryadlar faoliyati hamda ularning moddiy-texnik ta’minoti, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik holati ham atroflicha o‘rganildi.
A. Musayev, O‘zA.