Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
21-may – Kutubxonachilar kuni munosabati bilan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan viloyatda namunali faoliyat yuritayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul xodimlari, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddilari, tegishli soha rahbarlari, maktab direktorlari hamda kutubxonachilar ishtirok etdi. Tadbirda viloyatda samarali faoliyat olib borayotgan kutubxonachilar munosib e’tirof etildi.
Jumladan, Parkent tumanidagi 16-maktab kutubxona mudiri “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, 6 nafar kutubxonachi vazir tashakkurnomasiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, 44 nafar kutubxona mudiri hamda 6 nafar darsliklar bo‘yicha metodistlarga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

***
Toshkent viloyati hokimi tomonidan tasdiqlangan reja asosida “Sudlar bilan hamkorlik dasturi” doirasida Yangiyo‘l tumanida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar hamda xotin-qizlar murojaatlarini o‘rganishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabullar tashkil etildi.
Qabullar jarayonida 30 ga yaqin nizoli oilalarning muammolari atroflicha o‘rganilib, shundan 3 ta oila yarashtirildi. Qolgan oilalarga esa oilani saqlab qolish, sog‘lom muhitni tiklash va o‘zaro kelishuvga erishish bo‘yicha huquqiy hamda ma’naviy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Yangiyo‘l tumani Qo‘shyog‘och mahallasida xotin-qizlarning muammo va takliflarini o‘rganish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ham sayyor qabul o‘tkazildi. Unda bandlik, tadbirkorlik, ijtimoiy yordam, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar tinglandi.
Har bir murojaat yuzasidan mas’ullar tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar tegishli tashkilotlarga biriktirildi.


***
Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari X.Bo‘riyev rahbarligida kambag‘allikni qisqartirish, “Ijtimoiy reyestr” tizimi faoliyati hamda aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Mahallalar uyushmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, VKS orqali tuman-shahar bo‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda 2025-yilda “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, 22,7 ming oila kambag‘allikdan chiqarilgani qayd etildi.


Shuningdek, ayrim rahbarlar tomonidan kambag‘al oilalar bilan ishlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgani tanqid qilinib, 191 nafar mas’ulga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilgani ma’lum qilindi. 2026-yilda 21,4 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
A.Musayev, O‘zA.