Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston konchilik va metallurgiya xodimlari kuni munosabati bilan Olmaliq shahar aholisi, ta’lim muassasalari va kombinat ishchi-xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha “Rahbar kubogi” musobaqasi tashkil etildi.
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi qoshidagi sport va jismoniy tarbiya bo‘limi tomonidan tashkil etilgan musobaqaning yoshlar o‘rtasidagi bahslarida 14-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shohjahon Siddiqov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Kattalar o‘rtasidagi bahslarda esa Qalmoqqir kon boshqarmasi xodimi Andrey Tyumensov raqiblaridan ustun kelib “Rahbar kubogi”ga sazovor bo‘ldi.
E’tiborlisi, aql gimnastikasi bo‘lgan shaxmat musobaqasida 250 nafarga yaqin ishtirokchilar g‘alaba uchun dona surdi. Musobaqa g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.


***
Prezidentimizning 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston-2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy yilning mart-aprel oylarida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda mamlakatimiz umumta’lim maktablari informatika fani o‘qituvchilari uchun “InfoTeach-2025” forumi tashkil etilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati pedagoglar va o‘quvchilar uchun Nurafshon shahrida ham ikki kunlik amaliy forum boshlandi. Bugun Angren, Olmaliq, Ohangaron, Nurafshon, Bekobod, Yangiyo‘l shaharlari hamda Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Yangiyo‘l tumanlaridan kelgan qatnashchilar uchun ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Unda aynan IT yo‘nalishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari hamda kompaniyalar vakillarining kreativ taqdimotlari o‘tkazildi.
Ishtirokchilarning bu boradagi qiziqishlari, ularni o‘ylantirgan savollari muhokama etilib, istiqboldagi rejalari bilan o‘rtoqlashildi. Jarayonda sun’iy intellektdan samarali foydalanish, robototexnikadagi yangicha imkoniyatlar, grafik dizayn bilan shug‘ullanish borasida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

***
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Bosh prokuratura, viloyat IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Xususan, Toshkent tumani “Tutzor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sh.A. tomonidan yashash xonadonida noqonuniy bir dona Amur yo‘lbarsi va yetti dona yo‘lbarssimon piton ilonlari saqlanayotgani aniqlandi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘pgina (ro‘yxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish ta’qiqlandi.
Shunga asosan barcha yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi. Bosh prokuratura tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ekologik nazorat tadbirlari hududlarda davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.