Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasida aholining ichimlik suvidan bo‘lgan debitor qarzdorligini kamaytirish hamda undiruv samaradorligini oshirish borasida mas’ul soha vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i O.Bozorov, “Toshkentsuvta’minot” AJ viloyat boshqarmasi rahbariyati hamda audio-konferensiya orqali hududiy bo‘limlar vakillari ishtirok etdi. Ochiq muloqot avvalida amalga oshirilgan ishlar xususida so‘z borib. Jumladan, Byuroning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida jami 2 ming 99 ta 11,2 milliard so‘mlik ijro ishlari tamomlangani qayd etildi.
Hozirda ish yurituvda mavjud ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash bilan bir qatorda, “Toshkentsuvta’minot” AJda vujudga kelgan qo‘shimcha debitor qarzdorliklarni undirish va qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

***
“Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida Toshkent tumanidagi umumta’lim maktabi o‘quvchi yoshlarga qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda DXX chegara qo‘shinlariga qarashli Toshkent tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan davlat chegarasini qo‘riqlashda foydalanadigan zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar namoyish etildi.
Tadbir davomida DXX chegara qo‘shinlari namunali orkestr jamoasi tomonidan musiqiy chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi. Shundan so‘ng harbiylar, faxriylar, mahalla va o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.


***
Chirchiq shahrida “Sog‘lomlashtirish oyligi” o‘tkazildi. Xususan, Chirchiq shahar Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj kambag‘allik reyestriga kiritilgan aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Viloyat miqyosidagi tor doiradagi malakali mutaxassislar (terapevt, endokrinolog, oftalmolog, akusher ginekolog, xirurg, nevropatolog, onkolog, kardiolog, travmatolog, pulmonolog, ftiziatr, otolaringolog, pediatr, EKG, UTT, laboratoriya tekshiruvlari) tomonidan bemorlar qabul qilindi. Maqsad kasalliklarni erta, barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirishga erishishdir.
Jami 461 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan 197 nafarida kasalliklar aniqlanib, 180 nafari ambulator, 17 nafar statsionar sharoitda davolanishga tavsiya etildi.


A.Musayev, O‘zA